
Kecha Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi Jamshid Nasriddinov Jumaboy mahallasida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvini o‘tkazdi. Tadbirda Nisbat, Chig‘atoy, Chuyanchi va Oyjon mahallalari yoshlari, shuningdek, nuroniy otaxonlar hamda mahalla faollari ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida tuman rahbari yoshlarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, ular uchun yaratilgan keng imkoniyatlar va ulardan to‘g‘ri foydalanish zarurligi haqida ma’lumot berdi. Jumladan, yoshlarning oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishi, boshqalarining esa kasb-hunarga e’tibor qaratishi muhimligi ta’kidlandi. “Hunarli inson hech qachon kam bo‘lmaydi”, — deya alohida urg‘u berdi tuman hokimi.
Tadbir chog‘ida yoshlar va mahalla aholisining muammo hamda takliflari tinglandi.
Uchrashuvdan avval, Jamshid Nasriddinov Jumaboy mahallasidagi 10-maktabda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Maktab huzurida tashkil etilgan muzey faoliyati ko‘zdan kechirildi. Ushbu maskanda 300 dan ziyod qadimiy eksponatlar jamlangan bo‘lib, uning boyishi va tartibga keltirilishida tarix fani o‘qituvchisi Zulfuxor Zayniddinovning katta xizmati borligi ta’kidlab o‘tildi.
O‘tkir Usmonov.



