
Bugun yurtimiz bo‘ylab maktablarda bilim dargohlarining eshiklari yana keng ochildi. “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” shiori ostida o‘tkazilgan ilk dars — “Mustaqillik soati” Vatanimiz istiqlolining qadrini anglash, yoshlar qalbida ona yurtga sadoqat va mehr-muhabbat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Kattaqo‘rg‘on tumanida bu yil 6 ming 250 nafar bolajonlar ilk bor maktab ostonasini hatlab, bilim sari ilk qadamni qo‘ydi. Ularning qo‘llaridagi Prezident sovg‘asi esa davlatimiz rahbarining yosh avlod tarbiyasi va ta’lim sohasiga bo‘lgan alohida e’tiborining yorqin ifodasidir.
Bu yilgi “Bilimlar kuni” Kattaqo‘rg‘on tarixida alohida o‘rin egalladi. Jumladan, Yovi mahallasidagi 94-maktabda qiymati 1 milliard 430 million so‘m bo‘lgan, 120 o‘ringa mo‘ljallangan yangi o‘quv binosi foydalanishga topshirildi. Shuningdek, Mundiyon mahallasidagi 52-maktab hamda Yangi hayot mahallasidagi 86-maktab zamonaviy tarzda qayta qurilib, barcha shart-sharoitlar bilan ta’minlandi.
Yangi o‘quv yilining ushbu quvonchli lahzalari ochilish marosimida tuman hokimi Jamshid Nasriddinov ishtirok etib, ustozlar, o‘quvchilar va ota-onalarni samimiy tabrikladi. Hokim “Mustaqillik darsi”da qatnashib, yoshlar bilan dildan suhbatlashdi, ularni ilmga, yurt ravnaqi yo‘lida mas’uliyatli bo‘lishga da’vat etdi.
Tuman ta’lim tizimi izchil rivojlanmoqda. Shu yilning o‘zida 400 o‘rinli ilk rivojlanish markazi ishga tushirildi. Bundan tashqari, 13 ta maktabda 350 o‘rinli qisqa muddatli guruhlar tashkil etilib, ta’lim sifati va qamrovi yanada kengaytirildi.
Joriy o‘quv yilida 3415 nafar bitiruvchidan 910 nafari oliy ta’lim muassasalariga qabul qilinishi esa ustozlarning fidokorona mehnati, o‘quvchilarning izchil intilishi va ota-onalarning qo‘llab-quvvatlashi natijasi, ta’limdagi hamjihatlikning yorqin samarasidir.
Bugun jaranglagan birinchi qo‘ng‘iroq — nafaqat yangi o‘quv yilining boshlanishi, balki yurtimiz kelajagi bo‘lmish yosh avlodning yangi marralar sari dadil qadamidir.



