
Bugun Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 106 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbiri bayramona va ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi. Maktablar hayoti uchun muhim bo‘lgan ushbu kun har yili bo‘lgani kabi, bu yil ham katta quvonch, faxr va ezgu tilaklar bilan nishonlandi.
Xususan, 57-maktabda tashkil etilgan tadbir ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi. Unda maktab o‘quvchilari, bitiruvchilarning ota-onalari, 50 yil avval ayni shu dargohni bitirgan sobiq o‘quvchilar hamda mahalla faollari faol ishtirok etishdi. Bayramga o‘zgacha ruh bag‘ishlagan mehmonlar yoshlarga o‘z tilaklarini bildirib, maktab hayotidagi unutilmas damlarni esga olishdi.
“So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirida “Kattaqo‘rg‘on: kecha va bugun” gazetasi muharriri O‘tkir Usmonov ham ishtirok etib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bitiruvchilarga yo‘llagan samimiy va ruhlantiruvchi tabrigini o‘qib eshittirdi.
Joriy yilda tumandagi 106 ta maktabni 3519 nafar 11-sinf bitiruvchisi, shuningdek, 5028 nafar 9-sinf o‘quvchisi tamomlamoqda. Bitiruvchilarning yutuqlari tahsinga sazovor: 88 nafar o‘quvchi “Oltin medal”, 6 nafar o‘quvchi “Kumush medal” bilan mukofotlandi. 153 nafar bitiruvchi a’lo darajadagi shahodatnoma olishga muvaffaq bo‘ldi.
Yoshlarimizning bilimga chanqoqligi va intiluvchanligi natijasida 446 nafar o‘quvchi milliy va xalqaro darajadagi sertifikatlarni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 3 nafar iqtidorli bitiruvchi esa muddatidan oldin jahonning “TOP-1000” ro‘yxatidagi nufuzli oliy ta’lim muassasalariga talabalikka qabul qilindi.
Bu yutuqlar – ta’lim tizimidagi izchil islohotlar, o‘qituvchilarning mehnatsevarligi va ota-onalarning farzandlariga bergan e’tiborining yorqin samarasidir.
“Kattaqo‘rg‘on kecha va bugun”



