
Joriy yilning 2-may kuni Kattaqo‘rg‘on tuman 2-son politexnikumida Kattaqo‘rg‘on tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari O.Shirinov, DXX xodimi hamda politexnikum o‘qituvchi va ishlab chiqarish ta’limi ustalari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.
Davra suhbatining kun tartibidagi asosiy masalalar avvalo yoshlar tarbiyasi, ularning bandligi, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikni keltirib chiqaradigan omillar va ularni oldini olish hamda korrupsiyaga qarshi kurash.
Eng avvalo so‘zga chiqqan Kattaqo‘rg‘on tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari O.Shirinov ishtirokchilar asosan pedagoglar ya’ni ustozlar bo‘lganligi sababli ustozlar avvalo targ‘ibotchi bo‘lishi har bir yoshni vatanparvarlik va vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash eng ustuvor vazifamiz ekanligini ta’kidlab o‘tdi.Shuningdek u: “Har bir yoshga avvalo siz Navoiy-u Boburlar, Al-Buxoriyu Temurlar, Yassaviy-u Zamaxshariylar avlodi ekanligingizni, ularga munosib bo‘lishning o‘zi sizga katta qanot bo‘ladi. Qay yurtga bormang dunyo ilmining asoschilari bizning zamindan chiqqanligi bizga faxr va g‘urur baxsh etadi. Bugun yoshlarning tarbiyasi va bilim olishi uchun barcha shart sharoitlar yaratilgan” - deb bir qancha hayotiy misollar keltirib o‘tdi.
Bugungi kunda butun dunyo bo‘ylab insonlar foydalanib kelayotgan plastik kartaning ixtirochisi Samarqandning Urgut tumanidan ekanligini bilib juda to‘lqinlanib ketdim. Axir “O‘zbek” o‘g‘loni ixtirosidan butun dunyo foydalanib kelmoqda. Davra suhbatini DXX xodimi o‘z fikr va mulohazalari bilan davom ettirdi. Bugungi kunda yoshlar tarbiyasi davlat siyosati darajasigacha ko‘tarilganligini ta’kidladi. Har bir voyaga yetmagan yoshni avvalo vatanparvarlik va vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash, buning uchun esa eng avvalo milliy qadriyatlarimizni, an’analarimizni va urf-odatlarimizni yoshlar ongiga chuqur singdirish lozimligini alohida qayd etdi. U, shuningdek, mamlakatimizda hukm surayotgan tinch va osuda hayot uchun shukronalik tuyg‘usini har bir yosh qalbiga singdirish zarurligini ta’kidlab o‘tdi.
Davra suhbatiga tanlangan masalalar haqiqatda dolzarb – yoshlar siyosati, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchiliklarni oldini olish, korrupsiyadan xoli millat bo‘lish. Korrupsiya — bu jamiyat taraqqiyotiga to‘sqinlik qiladigan, adolatni oyoq osti qiladigan, insonlar o‘rtasida ishonchni yo‘qotadigan illatdir. Afsuski, bugungi kunda korrupsiya nafaqat katta tashkilotlar, balki kundalik hayotimizda ham uchrab turadi. Pul evaziga hal etilgan masalalar, tanish-bilish orqali hal qilinadigan ishlar jamiyatni orqaga tortadi. Ayniqsa, bu holatlar yoshlarga salbiy ta’sir qiladi. Ular mehnat qilish o‘rniga “o‘ta oson yo‘l”ni izlashni o‘rganib qolishadi. Korrupsiyaga qarshi kurashish — faqat davlat organlarining emas, balki har bir fuqaroning vazifasidir. Biz halol bo‘lsak, qonunlarga rioya qilsak, boshqalarga ham ibrat bo‘lamiz. Ayniqsa, bugun bir muhim fikrni ta’kidlamoqchiman: “Korrupsiyani avvalo bilimsiz kishi keltirib chiqaradi.” Korrupsiya — bu adolatning buzilishi, tenglikning yo‘qolishi va kelajakka bo‘lgan ishonchning so‘nishidir. Lekin korrupsiya qanday paydo bo‘ladi? Unga nima sabab bo‘ladi? Ko‘pchilik pul, mansab yoki imkoniyat sabab deb o‘ylaydi. Ammo asl sabab bu emas. Asl sabab — bilimsizlik. Bilimsiz odam qonunni bilmaydi, o‘z huquq va majburiyatlarini tushunmaydi. U halollik va adolatning asl qiymatini anglamaydi. Aynan shunday odam mansabga ega bo‘lsa, o‘z manfaatini hammanikidan ustun qo‘yadi. U boshqalarga zarar yetkazayotganini tushunmaydi. Shuning uchun ham korrupsiya ko‘pincha bilimsizlikdan kelib chiqadi. Demak, korrupsiyaga qarshi kurashish faqat jazolash orqali emas, balki ta’lim, tarbiya va ongni oshirish orqali amalga oshiriladi. Biz yosh avlodga halollik, adolat, qonun ustuvorligi haqida bilim bersak, ularda mas’uliyat hissi shakllanadi. Bilimli avlod hech qachon korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaydi.
Fikrlar orasida yana e’tiborimni tortgani va meni mushohada qilishga undagani “Siz yangi dunyo kashf qilmang shunchaki haqiqiy yigirma yil avvalgi o‘zbek bo‘ling” deyilgan fikr bo‘ldi. Darhaqiqat bola edim maktabga bilim olish uchun borardik, davomat uchun emas, ustozdan dakki eshitsak uyga borib shikoyat qilishdan qo‘rqardik chunki bizga ustoz otangdek ulug‘ deb tarbiya berilgan edi, bo‘sh vaqtimizni ko‘proq kitob o‘qish va hunar egallashga sarflardik, soatlab tik-tok yoki instagramda vaqt o‘tkazmasdik, ota-onamiz so‘zlari biz uchun qonun edi. Jamiyatni o‘zgartirish avvalo o‘zimizdan boshlanadi. Har bir fuqaro millat kelajagi uchun qayg‘ursa loqaydlik va beparvolikdan voz kechsa albatta milliyligimiz va o‘zligimizga qaytishimiz shubhasiz. Chunki ertangi kun-farzandlarimiz taqdiri bugun biz tarbiya qilayotgan yoshlar qo‘lida bo‘ladi.
S.PARDAYEVA.



