
Bugun yurtimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, zamonaviy bilim maskanlarining tashkil etilishi yosh avlodga katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Kattaqo‘rg‘on tumanining Kichikming qishlog‘ida joylashgan ixtisoslashtirilgan maktab ham ana shunday maskanlardan biri bo‘lib, o‘zining yutuqlari, salohiyatli ustozlari va bilimga chanqoq o‘quvchilari bilan e’tiborga loyiq.
456 o‘ringa mo‘ljallangan mazkur maktabda hozirda 395 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Maktab aniq va tabiiy fanlar — matematika, fizika, kimyo, biologiya hamda ingliz tiliga ixtisoslashgan. Bu yerda o‘quvchilarga chuqurlashtirilgan bilim berish yo‘lida 45 nafar pedagog mehnat qilmoqda. Ularning 21 nafari oliy toifali, 19 nafari birinchi, 5 nafari esa ikkinchi toifali o‘qituvchilardir.
Har bir pedagog o‘z fanini chuqur o‘rgatish, o‘quvchilarda tanqidiy fikrlash va tahlil ko‘nikmalarini shakllantirishga katta e’tibor qaratmoqda. Darslar zamonaviy metodikalarga asoslangan holda, interaktiv uslublarda olib borilmoqda.
Yaratilgan sharoitlar — sifatli ta’lim garovi
Maktabdagi har bir fan xonasi zamonaviy mebellar, laboratoriya uskunalari va texnik vositalar bilan jihozlangan. Kimyo va biologiya fanlari uchun mo‘ljallangan laboratoriyalar, sport zali, axborot-resurs markazi o‘quvchilarning har tomonlama rivojlanishiga xizmat qilmoqda. Ingliz tili darslari esa multimedia vositalari asosida, CEFR standartlariga muvofiq olib borilmoqda.
Natijalar mehnatning samarasi
2024-yilda ushbu maskanni 22 nafar o‘quvchi bitirgan bo‘lib, ulardan 19 nafari OTMga qabul qilindi. Bu yilgi bitiruvchilar soni esa 66 nafarni tashkil etadi. Ularning 43 nafarida SAT, CEFR, IELTS kabi xalqaro hamda milliy sertifikatlar mavjud. Bu — o‘quvchilarning bilim darajasi yuksakligini ko‘rsatibgina qolmay, maktabdagi o‘quv jarayonining xalqaro standartlarga yaqinlashayotganidan dalolat beradi.
Yangi o‘quvchilar uchun eshiklar ochiq
2025-2026 o‘quv yili uchun maktabga qabul jarayoni 1-iyundan boshlanadi. 5, 6 va 7-sinflarning har biriga 24 nafardan jami 72 nafar o‘quvchi qabul qilinadi. Qolgan sinflarga esa ehtiyojga qarab, har biriga 3 tadan 8 tagacha o‘quvchi joylashtiriladi. Har bir sinfda maksimal 24 nafar o‘quvchining tahsil olishi ta’lim sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Bugun Kichikmingdagi ixtisoslashtirilgan maktab nafaqat tuman, balki viloyat miqyosida ham yuksak salohiyatli bilim dargohi sifatida shakllanmoqda. Bu yerda kelajakdagi olimlar, shifokorlar, tilshunoslar va turli soha vakillari tarbiyalanmoqda. Ustozlar fidoyiligi, zamonaviy sharoitlar va o‘quvchilarning ezgu orzu-intilishlari bu maskanni haqiqiy kelajak tayanchiga aylantirgan.
Ilm va taraqqiyot sari ishonchli qadam qo‘yayotgan bu dargohdagi har bir yutuq — Vatanimizning porloq ertasi yo‘lida tashlangan muhim qadamlardandir.
Yulduz SAMATOVA.



