
Bugun erta tongdan Kattaqo‘rg‘on tumani hududida xavfsiz muhit yaratish, jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash hamda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida “Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor-profilaktik tadbirlari o‘tkazildi.
Tadbir davomida ko‘plab fuqarolarga jarima qo‘llanildi va bunga norozilik bildirgan haydovchilar soni ham kam bo‘lmadi. O‘zini Samarqand viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasiga qarashli 4-otriyad xodimi deb tanishtirgan inspektor fuqarolardan birining e’tiroziga javoban: "Ombudsmanga murojaat qiling", deya javob berdi.
Fuqaro nega avtomobili jarima maydoniga qo‘yilayotganini so‘raganida, inspektor bunga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 179-sonli qaroriga asosan "qayta jihozlash" deb javob berdi. Aslida esa, mazkur qaror mutlaqo boshqa soha bilan bog‘liq bo‘lib, yo‘l harakati xavfsizligiga daxldor emasligi ayon.
Yana bir holatda, 4-otriyadning boshqa xodimi — o‘zini Safarboy deb tanishtirgan inspektor, haydovchi tomonidan sodir etilgan qoidabuzarlikka chora ko‘rmagani bois e’tiroz eshitdi. Bunga javoban u: “Men ko‘rmadim”, degan javob bilan cheklangan. Holbuki, voqeani atrofdagilar ko‘rgan va guvoh bo‘lgan.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bu yerda yo‘l harakati inspektorini ayblash emas, balki “Kim haq?” degan savol bizni o‘ylantiradi. Chora qo‘llagan, ammo noto‘g‘ri asos ko‘rsatgan inspektormi? Yoki qonuniy savoliga noaniq javob olgan haydovchimi?
Ushbu savollarga mas’ul tashkilotlar tomonidan rasmiy munosabat bildirilishini kutib qolamiz.
O‘tkir Usmonov



