
O‘zbekistonda mahalla tizimini isloh qilish va uning jamiyatdagi rolini yanada kuchaytirish yo‘lida navbatdagi muhim qadam qo‘yildi. “Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan yangiliklar asosida mamlakatimizda mahalla raislari saylanmoqda.
Bugun, 1 may kuni, Kattaqo‘rg‘on tumanining “Jumaboy” mahallasida mahalla raisi uchun ovoz berish jarayoni o‘tkazildi. Ushbu jarayon ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida, fuqarolarning faol ishtiroki bilan tashkil etildi. Ovoz berishda barcha zaruriy shart-sharoitlar yaratilib, jarayonlar mahalla aholisi guvohligida adolatli va xolis tarzda amalga oshirildi.
So‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mahalla institutini mustahkamlash, uning imkoniyatlarini kengaytirish va jamiyatdagi ahamiyatini oshirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, mahalla faoliyatiga aloqador barcha xizmatlar – mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektori “mahalla yettiligi” sifatida yagona jamoa bo‘lib ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Kattaqo‘rg‘on tumanida hozirgi kunda 69 ta mahalla faoliyat yuritib, ularda 483 nafardan ziyod “mahalla yettiligi” a’zolari ish olib bormoqda. Ushbu jamoalarning muvofiq va samarali faoliyatini ta’minlashda mahalla raisi katta ahamiyat kasb etadi.
Qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, endilikda fuqarolar yig‘ini raisining vakolat muddati 5 yil etib belgilandi. Bu o‘zgarish mahalla rahbarlariga uzoq muddatli rejalar asosida ish olib borish imkonini yaratadi.
O‘tkir Usmonov.



