
Bugungi davrda rivojlanib borayotgan, butun jahon hamjamiyati vakillarini tobora tashvishga solayotgan “korrupsiya” jamiyat xavfsizligi va barqarorligi, iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy-madaniy rivojlanishi va mamlakatning taraqqiyot rivojiga to‘sqinlik qilayotgan illatlardan biridir. Korrupsiya bilan bog‘liq muammolarning keng talqin qilinishi va huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan islohotlarning kuchaytirilishiga qaramay, ushbu jinoyatning ildiz otib borishi, uning mohiyatini yanada chuqurroq tahlil qilish va kelib chiqish sabablarini yanada kengroq o‘rganishga chorlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 5 mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida ishtirok etdi. Yig‘ilishda yurtimizda korrupsiyadan xoli muhit yaratish bo‘yicha qilingan ishlarga baho berilib, kelgusi vazifalar belgilandi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida korrupsiya islohotlar yo‘lidagi eng katta to‘siq va g‘ov ekanini ta’kidladi.
Korrupsiyaning oldini olish – davlat xizmatiga professional va fidoyi kadrlarni tanlash hamda ularni “halollik vaksinasi” bilan emlashdan boshlanishi. Shu bois ishga olishdagi tartib va yondashuvlarni takomillashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Davlat xizmatchilari daromadini deklaratsiyalashga oid qonun zarurati qayd etilib, uning loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi belgilandi.
Davlatimiz rahbari nutqida jamoatchilikka murojaat qilib, korrupsiyaga qarshi kurashish umummilliy vazifa, har bir vatanparvar yurtdoshimizning vijdon ishi ekanini ta’kidladi.
– Hammamiz yagona kuch bo‘lib harakat qilsak, albatta, katta ijobiy samaraga erishamiz. Shu bois mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar, yozuvchi va shoirlar, san’at va madaniyat xodimlari, tadbirkorlar, taniqli shaxslar, rahbarlar, deputat va senatorlar – umuman, butun jamoatchilik birlashib, korrupsiyaga “jamiyat tanasidagi saraton” sifatida qarashi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, “Jamiyatimizda korrupsiya turli jinoyatlarni sodir etish va boshqa huquqbuzarliklar holatlariga qarshi kurashish, ularga yo‘l qo‘ymaslik, jinoyatga jazo albatta, muqarrar ekani to‘g‘risida qonun talablarini amalda ta’minlash bo‘yicha qat’iy choralar koi‘rishimiz kerak”.
Tuyg‘un QURBONOV,
Samarqand viloyati sudi sudyasi.



