
Semizlik bu – teri ostida asosan qorin devorining pastki qismida, dumba va sonlarda, shuningdek, qorin ichida (charvida, ichak tutqichlarida, qorin orti sohasida) hamda boshqa ichki a’zolar atrofida yog‘larning ortiqcha to‘planishidir. Semizlikning o‘smirlar orasida ham ko‘payib borayotgani tashvishli holdir.
Semiz kishilarda yuqori qon bosimi, tomirlarda yog‘ o‘tirib qolishi va yurak ishemik kasalligi 2-4 marta ko‘p uchraydi. Qandli diabetning ikkinchi turi 85-90 foiz hollarda ortiqcha vaznga ega bo‘lganlarda rivojlanadi. Semizlikning birinchi darajasida qandli diabet yuzaga kelishi ehtimoli 3 marta, ikkinchi darajasida 5 marta, undan keyingi darajasida esa 10 marta oshadi. Bundan tashqari, semizlik bo‘g‘im, jigar, ruhiy holatning o‘zgarishi, venalarning varikoz kengayishi va boshqa kasalliklarning ham asosiy sababchilaridan biridir.
Semizlik organizmda yog‘ almashinuvini buzilishidan kelib chiqadi. Tanada doimo yog‘ to‘qimasi parchalanishi hamda hosil bo‘lishi o‘rtasida muvozanat saqlanadi va bu jarayon asab tizimi orqali boshqariladi. Jarayon buzilgan hollarda esa semizlik yuzaga keladi. Bular me’yoridan ortiqcha ovqat iste’mol qilish, ovqatlanish qoidalariga rioya qilmaslik, jismoniy faollik yetarli bo‘lmasligi kabilardir.
Har bir kishi tana vazn indeksi ko‘rsatkichini o‘zi hisoblab semizlik bor yoki yo‘qligini baholashi mumkin. (Misol: Bo‘y uzunligi 1,70 buning kvadrati 2,89. Tana vazn og‘irligi 70 kg. (70:2,89) barobar 24.22 kg/m bu ko‘rsatkich me’yorga to‘g‘ri keladi). Tana vazn indeksi 18,5 va undan kami tanqislik. 18,5-24,9 me’yor. 25-29,9 me’yoridan yuqori. 30,0 dan yuqorisi semizlik hisoblanadi.
Sog‘lom ovqatlanish odatini shakllantirish, doimiy jismoniy faollik bilan shug‘ullanish, kunlik suv ichishni oshirish, uyqu rejimiga rioya qilish va stressni kamaytirish kerak. Shifokor bilan maslahatlashing.
Kun davomida ovqatlanishni 5 mahalga taqsimlab tashkil etish – 3 asosiy va 2 qo‘shimcha tammadi qilish orqali tana ehtiyojini muvozanatda ushlash mumkin. Bu usul kun bo‘yi barqaror quvvat va oziqlantiruvchi moddalar bilan ta’minlaydi. Har kuni kamida 400 gramm meva va sabzavot iste’mol qilish tavsiya etiladi. Ratsionga muntazam ko‘katlar va dukkaklilarni qo‘shish, yog‘,xamirli taomlar, shirinliklar va fasfudlarni cheklash lozim. Sog‘ligingizga o‘z qo‘lingizda!
B.QULMATOVA,
Kattaqo‘rg‘on tuman tibbiyot birlashmasi vrachi.



