
Parvanda, novvot, rusta, yog‘li, labzi, kunjutli, tosh xolva bilan Payshanba bozor rastalarini to‘ldirayotgan xolvagar G‘ofur Rasulov haqida.
Kattaqo‘rg‘on tumanining Payshanba shaharchasida ko‘plab sulolaviy hunar egalari mavjud bo‘lib, ular avloddan avlodga o‘z hunarlarini o‘rgatib kelmoqdalar. Eng qadimiy va noyob hunarmandchilik turlaridan biri – qandolatchilik san’ati hisoblanadi. Ushbu kasb, bugungi kunda tobora kamayib borayotgan hunarlardan biri bo‘lib, uning qiymati tobora ortib bormoqda.
Payshanba shaharchasi xolvalari bilan mashhur. Bu haqda Sarbozi folklor jamoasi tomonidan kuylangan qo‘shiqlarda ham aytiladi:
Payshanbaning xolvagari, xolva qilmoqqa usta,
Chakkasiga gul solib, pishirar xolva rusta…
Payshanbaning xolvalari bozorning eng oldingi shirinligi hisoblanadi. Xolvalarning yog‘li, kunjutli, parvanda, novvot, rusta, tosh xolva va labzi kabi turlari bor. Shunday xolvalar bilan Payshanba bozor rastalarini to‘ldirayotgan xolvagar G‘ofur Rasulov haqida so‘z yuritamiz.
58 yoshli G‘ofur Rasulovga qandolatchilik kasbi otadan meros qolgan. U o‘zining otasi Rasulov Muso haqida shunday deydi: “Otam urush yillarida traktorchi bo‘lgan. Keyinchalik uylanishdan so‘ng, qaynotasi G‘ayvulla Maxsum Abdullayevdan xolvagarlikning sir-asrorlarini o‘rganib, shu sohada faoliyat yurita boshlagan. Bolaligimdan otamning yonlarida yurib, bu mashaqqatli kasbni o‘zlashtirishga kirishdim.”
G‘ofur Rasulovning so‘zlariga ko‘ra, avvallari xolvalar faqat uyda tayyorlanib, sotilgan bo‘lsa, mustaqillikdan keyin ular bozor rastalarida keng tarqaldi. “Tabiiy mahsulotlardan tayyorlanadigan bu xolvalar kishiga kuch-quvvat beradi”, – deydi u.
34 yillik tajribaga ega bo‘lgan G‘ofur Rasulov, hozirda o‘zining 10 ga yaqin shogirdini tarbiyalagan. Endilikda, 12 yoshli nabirasi Vohidjon Rustamovga ham xolvagarlikning sirlarini o‘rgatmoqda.
Yulduz Samatova



