Muhammadi aka: “Somsachilikni tanlaganimdan hech qachon afsuslanmadim. Har ikki o‘g‘limga uy qurdik, to‘y qildik, ulovimiz ham bor. Shukur, eldan kam emasmiz!”Somsapazlik qadimdan kasb darajasida rivojlanib kelgan. Manbalarda keltirilishicha, Temuriylar davrida Samarqandda ko‘plab somsapazlik do‘konlari mavjud bo‘lgan. Mamlakatimizning har bir nuqtasida somsa o‘ziga xos tarzda, ustalik bilan tayyorlanadi. Jizzax somsasidek dovrug‘i ketgan Payshanba somsasi ham o‘zgacha mazaga ega. To‘g‘rama go‘shtdan tayyorlanadigan Payshanba somsasi tandirda pishiriladi.
Somsachilikning o‘ziga xos mashaqqati va lazzatini faqat bu kasbni tanlaganlar biladi. Somsapazlik haqida gapirganda, mashaqqat va og‘ir mehnat yo‘lini tanlagan Payshanbalik Muhammadi aka Xomidov nomini tilga olish zarur. U kasbining fidoyisi ekanligini 44 yildan beri somsachilik bilan shug‘ullanishidan bilish mumkin. Hozirda Muhammadi aka 64 yoshda bo‘lishiga qaramay, hali ham xalqimizga xizmat qilmoqda.
Muhammadi aka shunday xotirlaydi: “1976-1977-yillarda eski choyxona atrofida tandirda somsa pishirilardi. O‘sha paytlarda rahmatli Karim ota Sodiqov va Sherxon ota Sayfullayev mashhur ustoz somsapazlar edi. Haligacha odamlar tilidan “Sherxon aka somsachi” tushmaydi. Payshanba xalqining har biri bu insonlar haqida eshitishgan va yaxshi bilishadi. 10-12 yoshlarimda maktabdan keyin shunday ustozlardan somsachilikni o‘rganganman.”
Muhammadi aka, somsachilikning barcha qiyinchiliklarini totganiga qaramay, kasbiga bo‘lgan kamtarona faxr va shukronalik hissini ifoda etadi: “Somsachilikni tanlab hech kam bo‘lmadim. Har ikki o‘g‘limga uy qildik, to‘y qildik, ulovimiz bor. Shukur, eldan kam emasmiz.”
U kishining hozirgacha 15 ga yaqin shogirdlari bor. “Shogirdlarimning ko‘pi chet elda somsachilik qilmoqda,” deya faxr bilan gapiradi. “O‘zbek oshxonasining milliy taomi bo‘lgan Payshanba somsasini chet elda ham sevib yeyishmoqda. Shogirdlarim chet davlatlarda ham hunari orqali halol rizq topishmoqda.”
Muhammadi akaning ikki o‘g‘li ham ota izidan bormoqda. Kamoliddin va Jamoliddin Xomidovlar ota kasbini davom ettirishga bel bog‘lashgan. Ularning Payshanba dehqon bozorida somsapazlik do‘konlari mavjud bo‘lib, aholiga mazali tandir somsalarni yetkazib, beminnat xizmat qilmoqdalar.
Yulduz Samatova



