
Joriy yilning yanvar oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida yoshlar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu yig‘ilishda harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaning ahamiyati va milliy ruhni shakllantirishning zarurligi ta’kidlandi. Belgilangan topshiriqqa muvofiq, otaliqqa olingan yoshlar bilan ishlash huquq-tartibot va mudofaa organlariga biriktirildi.

02855-harbiy qismga Kattaqo‘rg‘on tumanidan 5332 nafar yosh biriktirildi. Harbiy qism tashabbusi bilan 1-sektor hududidagi mahallalarda yashovchi otaliqqa olingan 7 toifadagi 5332 nafar yoshlar vatanparvarlik tadbirlariga taklif etildi. Bu tadbirlar, yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlash va ularning vatanparvarlik ruhini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Harbiy qism tomonidan tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va zakovat intellektual o‘yinlariga yoshlar jalb qilindi. Shuningdek, harbiylar umumta’lim maktablariga borib, ma’naviyat soatlarida yoshlarga vatanni himoya qilish har bir insonning burchi ekanligi haqida tushuncha berdilar.

Migratsiyadan qaytgan, ishsiz yoshlar uchun yer maydonlari ajratilishi ham ularni iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim tashabbus bo‘ldi.

Masalan, Yovida 7 nafar yoshga 2.45 gektar, Boltabekda 6 nafar yoshga 180 sotix, Jonkelda 12 nafar yoshga 3.6 gektar, Kattaminingda 4 nafar yoshga 4.4 gektar, Mundiyonda 3 nafar yoshga 1 gektar, Naymanda 3 nafar yoshga 91 sotix, Qumoqda 7 nafar yoshga 2.85 gektar, Tavaronda 12 nafar yoshga 3.6 gektar, Valijonda 6 nafar yoshga 2.1 gektar, Vayrotda 10 nafar yoshga 1 gektar va Yangiobod mahallasida 17 nafar yoshga 5.1 gektar yer ajratildi.

Harbiylar ajratilgan yer maydonlariga borib, ekilgan hosil bo‘yicha yoshlarga tushunchalar berdilar. Natijada, yoshlar muvaffaqiyatli ekin yetishtirish va tadbirkorlik faoliyatlarini rivojlantirishda ushbu yerlardan samarali foydalanishga erishdi.

S. Raxmatullayev,
02855-harbiy qism shtab rahbari.



