
2023-yil 1-maydan boshlab “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash va o‘zini-o‘zi band qilish uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilish maqsadida, belgilangan tartibda, “Yoshlar daftari” jamg‘armalari hisobidan BHMning 40 baravaridan oshmagan miqdorda subsidiya ajratish imkoniyati yaratildi. Shuningdek, Prezidentimizning tegishli qaroriga ko‘ra, aholiga dehqonchilik uchun yerlar 30 yil muddatga ijaraga berilmoqda.
Yodgorxo‘ja MFY Yoshlar yetakchisi Ahror Rahmonov mahallamizda ishsiz yurgan va migratsiyadan qaytgan yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularni doimiy daromad manbayiga ega qilish maqsadida menga 6 million so‘mlik asbob-uskunalar, shuningdek, 30 yillik ijara yerdan 50 sotix maydon ajratilishiga yordam berdi. Shuningdek, shogirdim Suyunov Doston ham 50 sotix yer maydoni oldi.
Men 2017-2023-yillarda Rossiya davlatida mehnat qilib keldim, lekin daromadim kutilganidek yaxshi bo‘lmadi va doimiy ish joyiga ega emas edim, berilgan 6 million so‘m subsidiyaga bolgarka, drel, kalitlar jamlanmasi, kompressor, shurpovyor kabi asbob-uskunalarni xarid qildim. Hozirda shogirdim Doston Suyunov bilan birgalikda Yodgorxo‘ja mahallasi Qo‘shravot qishlog‘ida ustachilik bilan shug‘ullanib, ta’mirtalab mashinalarni tuzatyapmiz. Oylik daromadim o‘rtacha 4-5 million so‘mni tashkil etmoqda. Kelajakda shogirdlarimni ko‘paytirib, oyiga 20 million so‘mgacha daromad olishni rejalashtiryapman. Bundan tashqari, erta bahorda 50 sotix yer maydoniga no‘xot ekdim, hosilni yig‘ishtirib bo‘lgandan keyin ikkinchi hosilga esa makkajo‘xori ekdim, bu hosildan ham yaxshi daromad olish niyatidaman. Mustaqilligimiz sharofati va Prezidentimizning yoshlarga ko‘rsatayotgan imtiyozlari tufayli bugun oilam bag‘rida, o‘z yurtimda yashab, doimiy daromadga ega bo‘lganimdan baxtiyorman.
Yodgor Nizomov.



