
Tumanimizning Jizmonsoy mahallasida joylashgan 88-umumta’lim maktab binosi 96 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan bo‘lib, unda 192 nafar o‘quvchi ta’lim olib, tarbiyalanadi.
O‘quvchilar garchi ikki koiffisentda o‘qitilsa-da, ularning bilim olish samaradorligi ancha yuqori.
O‘tgan 2022-2023- o‘quv yilida bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga kirishi 78 foizni tashkil qildi,-- deydi maktab direktori Asad Abdurahimov. Maktabda 24 nafar o‘qituvchi faoliyat yuritadi va ularning barchasi oliy ma’lumotli yetuk mutaxassislar. Maktabning reyting ko‘rsatkichi ham tuman miqyosida yuqori o‘rinlarda turadi.
Tuman hokimi Jamshid To‘lqinovich Nasriddinovning bevosita g‘amxo‘rligi va tashabbusi bilan, davlat dasturi asosida yaqinda maktabga yangi bino qurilishi boshlandi.
Biz qurilish ishlari bilan tanishar ekanmiz, obyektning ish yurituvchisi O‘tkir Fatxullayevni suhbatga tortdik.
- Ushbu bino 120 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan bo‘lib, "Samarqand GAKA plyus" xususiy korxonasi tomonidan bunyod etilmoqda. Qurilishni bitkazish uchun bizga 110 kun muddat berilgan. Biz ishni muddatdan ancha oldin, 60 kun ichida, ya’ni 1-sentyabrga qadar tugatib, yangi o‘quv yiligacha foydalanishga topshirishni rejalashtirganmiz.
Buning uchun bizda ishchi kuchi va barcha qurilish materiallari yetarli. Ishimiz jadal ravishda bormoqda. 15 nafar ishchi tinimsiz ishlamoqda. Ayniqsa, ishchilarimizdan Quvondiqov Mahammadi, Fazliddin, Ramziddinlar faollik ko‘rsatib, boshqalarga namuna bo‘lmoqdalar.
Qurilish jarayoni bilan tanishar ekanmiz, Ahmad Rahmonov rahbarlik qilayotgan ushbu bunyodkorlik ishlaridan ko‘nglimiz to‘ldi va bino belgilangan muddatda qurib bitkazilishiga ishonch hosil qildik.
Yangi bino yangi o‘quv yilida aziz farzandlarimizga munosib sovg‘a bo‘ladi, albatta.
Hasan ALMATOV.



