
Ko‘pchilik mamlakatlarda 1-iyun – Xalqaro bolalar kuni nishonlanadi. Bu kun haqiqiy bolalar bayrami hisoblanadi.
1949-yilda Parijda ayollarning Xalqaro demokratik federatsiyasi kongressi bo‘lib o‘tdi. Bu kongressda bolalarning bardamligi va baxt-saodatining kafolati bo‘lgan mustahkam tinchlikni ta’minlash uchun doimiy kurash haqidagi shior yangradi. Urushdan keyingi davrda sayyoramizda yashovchi barcha bolajonlarning sog‘liq va xotirjamligini saqlash dolzarb muammoga aylanib qolgan edi. Shu bois 1950-yildan e’tiboran 1-iyun Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni sifatida nishonlana boshladi.
1989-yilda BMT Bosh Assambleyasi bolalar huquqlari to‘g‘risida Konvensiya qabul qildi. Unda butun dunyo mamlakatlari uchun bolalar huquqlarini himoya qilishni ta’minlashni joriy qilish to‘g‘risida yozilgan.
Dunyoning ko‘pchilik mamlakatlari va shaharlarida bu bayram bolalar huquqlari va ularni himoya qilish haqida munozara va leksiyalar o‘tkazish bilan nishonlanadi. Shuningdek, bolalar kunida turli-tuman quvnoq va madaniy ommaviy tadbirlar, sport musobaqalari, konsertlar o‘tkaziladi. Shu kuni og‘ir bemor, davolanishga muhtoj va nogiron bolalar uchun xayriya aksiyalari va tadbirlar tashkil qilinadi.
Bolalarni himoya qilish kuni bayramining maqsadi keng jamoatchilik diqqatini muammoli bolalarga, ularning huquqlarini himoya qilishga, himoyalangan dunyoda yashash imkoniyatlariga, baxtli bolalikka ega bo‘lishlariga va o‘z mamlakatining to‘la-to‘kis va xotirjam fuqarosi bo‘lib o‘sishlariga qaratishdir.
Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni, eng avvalo, kattalarga bolalarning yashash, fikr va e’tiqod erkinligi, ta’lim olish, hordiq chiqarish va hordiq chiqarish huquqlarini hurmat qilish, jismoniy va ruhiy zo‘ravonlikdan himoya qilish zarurligini eslatib turadi.
O‘zbekistonda bolalar huquqlari, avvalambor Konstitutsiya bilan belgilangan. Shuningdek, 2007-yilda qabul qilingan "Bola huquqlari kafolatlari to‘g‘risidagi" qonun, 2019-yil 22-apreldagi “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan himoyalangan. Shuningdek, O‘zbekistonda 2019-yildan boshlab "bolalar ombudsmeni" instituti joriy etilgan.
O‘zbekistonda bolalarni har tomonlama, ham jismoniy ham intellektual yetuk insonlar bo‘lib o‘sishini ta’minlash maqsadi - respublikaning ustuvor vazifalari qatoriga kiritilgan.
Tumanimizda ham “Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” keng nishonlanmoqda.
«Kattaqo‘rg‘on: kecha va bugun».



