
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2020-yil 25-fevraldagi 121-IV son qaroriga asosan, "Mahalla tizimi xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga ko‘ra 22-mart sanasi "Mahalla tizimi xodimlari kuni" deb belgilandi.
Mahalla - uzoq o‘tmish, mahalla - bugun, mahalla - kelajak. Bu halqa hayot davomiyligi asosini belgilaydi. Ayniqsa, bizning jannatmakon ona zaminimizda shunday.
Bobolarimiz mahallaga esh bo‘lib, el dardini anglab o‘tdi. Bugun biz shu muhitda yashab, farzandlarimizni ona Vatanga sodiq qilib ulg‘aytirish, elga qo‘shish niyatidamiz.
Bugungi zamonda qit’alararo masofa ahamiyat kasb etmay qolgan, yangidan-yangi madaniyatlar urchib borayotgan ekan, ertaga nabiralarimiz o‘zga madaniyatlarga ergashmay, qutlug‘ an’analarimizni, o‘zbekona milliyligimizni davom ettirmog‘i lozim.
Mahalla tizimi islohotlari bizni qayonga chorlashini anglash mumkin.
Olimlarimiz: "Mahalla insonni jamiyat bilan uyg‘un yashashga o‘rgatadigan, o‘zaro mehr-oqibat, bag‘rikenglik, do‘stlik, hamkorlik rishtalarini qaror toptirishga, inson kamoloti va jamiyat rivojini ta’minlashga xizmat qiladigan muhim vosita sifatida o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q", - degan xulosada.
Hayotimizni kuzatar ekanmiz, ularning fikrlari asosli ekanligiga amin bo‘lamiz.
Yangi O‘zbekistn mahallalarining tashqi manzaralari ham, ichki shakl-shamoyili, odamlarning dunyoqarashi ham tubdan o‘zgarmoqda.
Tumanimizda 69 ta mahalla mavjud bo‘lib, shundan 39 ta mahalla binolari yangi qurilib topshirildi. Mahalla xodimlarining ish faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida 14 ta kompyuter, 4 ta priyenter mahallalarga tarqatildi. "Obod xonadon - obod ko‘cha - obod mahalla" mezoni asosida Cho‘yanchi va Mo‘minxo‘ja mahalla fuqarolar yig‘inlarida obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Navro‘zi ayyom arafasida barcha mahallalarda ko‘kalamzorlashtirish, ko‘chat ekish ishlari boshlab yuborildi. "Obod mahalla" dasturining samarasini har bir inson o‘z hayotida yaqqol his etmoqda.
Keyingi yillarda xalq bilan samarali muloqot yo‘lga qo‘yildi. Odamlar dardini tinglaydigan tizim yaratildi. Mahallalardagi muammolarga tizimli yechim topilmoqda. Muammolar mahallaning o‘zida hal bo‘lmoqda. Xalqimizning yuzidagi mamnunlikni va quvonch hissini ko‘rib, har bir kunimiz bayram bo‘lsin, deymiz.
Fursatdan foydalanib, tumanimiz aholisini, mahalla xodimlarini qo‘shaloq bayram - Navro‘zi ayyom va Mahalla tizimi xodimlari kuni bilan tabriklayman!
Ilhom NURMURADOV,
O‘zbekiston Mahallar uyushmasi Kattaqo‘rg‘on tuman bo‘limi raisi.



