
Bugun Jizmonsoyda qo‘shaloq bayram. Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan xatna to‘ylari va katta uloq-ko‘pkari bo‘lib o‘tmoqda.
Mahalla ahli homiyligida mahallada kam ta’minlangan uch nafar oila farzandlarining xatna to‘yi bayramona tus olgan. Xatna to‘ylari bo‘layotgan jajji bolakaylar - Jo‘lmurodov Dilshodjon, Qahhorov Fayzbek va Yahyoyev Nurmuhammadjonning quvonchlari cheksiz. Bolakaylarning har biriga homiylar tomonidan vilosiped sog‘a qilindi.
Mahalla binosi yonida erta tongdan elga osh tortildi. Xalqimizning yuzidagi samimiyatni va quvonchni ko‘rib, hayajoningni yashirolmaysan, kishi. Hammaning qalbida va qiyofasida bayram kayfiyati.
San’at ahli qo‘shiq kuylamoqda, yoshlar raqsga tushmoqda. Bayrammisan, bayram bo‘lmoqda.
Ushbu to‘y odamlarimizning bir-birlariga bo‘lgan mehr-oqibati va hurmatining yorqin namunasidir.
Shodiyonaga olis-yaqindan, qo‘shni tumanlardan mehmonlar, chavondoz-polvonlar tashrif buyurishgan. Mehmonimiz, O‘zbekiston uloq-ko‘pkari Federatsiyasining Kattaqo‘rg‘on tuman bo‘limi raisi Erkin aka Qodirovni sekin suhbatga chorlaymiz:
- Xush kelibsiz, Erkin aka. Bahoriy bayramlar muborak bo‘lsin!
- Tashakkur! Xushvaqt bo‘ling. Jizmonsoyliklarga xayriya to‘yi, uloq-ko‘pkari bazmi muborak bo‘lsin!
- Salomat bo‘ling. Ha, yurtimiz tinch, elimiz farovon. Har kunimiz bayram bo‘lsin. Mana, yog‘ingarchilik ham yaxshi bo‘lyapti. Xudo xohlasa, bu yil suv ko‘payib, dehqonchiliklarimizning ham barakasini so‘rab turibmiz.
Mahalla oqsoqollarining maslahati va homiy yigitlarimizning tashabbusi bilan bir uloq-ko‘pkarili to‘yni niyat qilgan edik, mana bugunga nasib qilib turibdi.
- Juda yaxshi ish bo‘libdi. Saxovatpeshalik - o‘zbekka xos bo‘lgan ulug‘ xislat, azaliy udum. Bunga nima yetsin.
Xalqaro sport turida "Ot sporti" bor edi, biroq "Uloq-ko‘pkari" sporti yo‘q edi. Bu o‘yin bizning milliy sportimiz ekanligi inobatga olinib, hozirda Xalqaro sport turiga kiritilgan. Alohida Federatsiya tashkil qilindi.
Federatsiyaning maqsadi -- yoshlarni chavandozlikka qiziqtirish, o‘zbek Qorabayir otlarini dunyoga tanitish.
- Erkin aka, chavandozlik halollikni, mardlikni, polvonlikni talab qiladi. Ayting-chi, uloq-ko‘pkari musobaqalarida tumanimizdan ham chempionlar chiqqanmi?
- Albatta. Ayni damda uloq-ko‘pkari sport turi bo‘yicha tumanimiz Respublika miqyosida 1-o‘rinda turadi. Mening o‘zim 2002-yilda "Alpomish"ning 1000 yilligi munosabati bilan Respublika miqyosida o‘tkazilan uloq-ko‘pkari musobaqasida ishtirok etib, faxrli 1-o‘rinni egallaganman.
2021-yilda Milliy gvardiya ot sporti maktabining ochilishi munosabati bilan Surxondaryo viloyatida bo‘lib o‘tgan musobaqada tumanimiz chavondoz-polvonlari g‘oliblikni qo‘lga kiritib, barcha ishtirokchilarni qoyillatgan.
2023-yilda Mudoffa Vazirligi ot sporti musobaqasida Yonboshsoy farzandi Karimov Sardor Nukus gornizoni nomidan ishtirok etib, bosh sovrinni qo‘lga kiritgan va medal bilan taqdirlangan.
- Maqtansa arzigulik yutuqlarimiz bor ekan. Xo‘sh, bugungi uloq-ko‘pkarida qaysi mashhur chavandozlarni ko‘ramiz?
- Bugungi yig‘ma ko‘pkariga qo‘shni tumanlardan ham polvonlar taklif qilingan. O‘zimizning polvonlarimiz haqida gapirsak, Jizmonsoydan Abdisalomov Shuhrat, Abdisalomov Jo‘rabek, Yonboshsoydan Karimov Doston, Jo‘li polvon, Andoqdan Qodirxon polvon, Dilshod polvon, Polvontepadan Behzod polvon, Novqadan Hikmatilla polvonlar bugungi musobaqada ishtirok etib, ko‘pkarini qizitadi, degan umiddamiz.
- Ishonamizki, bugungi ko‘pkari
sizning va mas’ullarning nazorati ostida, barcha qoida talablari asosida o‘tadi, albatta.
- Xuddi shunday.
Erkin Qodirov bilan bo‘lgan suhbatimizdan keyin xatna to‘yi bo‘layotgan bolakaylar va ularning oilalari sha’niga ezgu tilaklar bildirib, otaxonlardan oq fotiha olib, ko‘pkari chopiladigan maydonga - keng adirliklarga yo‘l oldik.
Ko‘pkari tomoshosi jarayonida imkon topib, kamina, muxlislar talabi bilan "KO‘PKARI" nomli she’rimni o‘qib berdim:
KO‘PKARI
Ot minganning hammasi
Chavandoz bo‘lavermas.
Cho‘birlar ko‘pkarida
Tulpordek yelavermas.
Kim nomus uchun chopar,
Kim chopadi non uchun.
Kimdir minar otiga
Shuhrat uchun, shon uchun.
Qalbi tiniqning baxti
Kuladi bu maydonda.
Allohning buyurgani
Bo‘ladi bu maydonda.
Bu mardlarning maydoni
Hasadbozni yoqtirmas.
Otiga achchiq qilgan
Chavandozni yoqtirmas.
Chopsang, halolidan chop,
Izn berma shaytonga.
Gʻirromlikni yelkalab
Tushmagin bu maydonga.
Halol chopayin desang,
Tillasha bil ot bilan.
Ko‘ngil topayin desang,
Ellasha bil yot bilan.
Bir chavandoz uloqni
Ildirdimi qo‘liga.
Ortidan quvgin, ammo
Gʻov bo‘lmagin yo‘liga.
Ko‘tarilgan uloqni
Menga ber, - deb so‘rama.
Ikki oyoqni birdan
Uzangiga tirama.
O‘zbekona o‘yin bu,
Halol chop, yon berib chop.
Havas qil, hasad qilma,
Chopqirga tan berib chop.
Qayishlama uloqni,
Poychasidan ushlab chop.
Qamchiningga zo‘r berma,
Qamchiningni tishlab chop.
Xoh bilakda olib qoch,
Xoh mayliga, taqimla.
Er deb bilsang o‘zingni,
O‘zgani sher fahmla.
Polvon bo‘lsang zot ayir,
Ushladingmi, uzib chiq.
Polvon bo‘lsang, to‘dani
Bitta o‘zing buzib chiq.
Qo‘lda uloq, yelkangda
Millatning yuki bo‘lsin.
Otingda Boychiborning,
G‘irko‘kning tuki bo‘lsin.
Ilgari ham naslingdan
Ko‘pkaritoz chiqqanmi?
Enang seni egarga
Loyiq qilib tuqqanmi?
Ayilingni mahkam tort,
Mustahkammi egaring?
Og‘angga ma’qulmisan?
Qo‘llaydimi jigaring?
Bir uloq deb goh senga
Ining ham yov bo‘ladi.
Bu o‘yinning gashtini
Chopib ko‘rgan biladi.
Ey ishqiboz, bilib qo‘y,
Chopishning ham siri bor.
Har sohaning ustasi,
Har sohaning piri bor.
"To‘qqizlik"ka oshiqma,
Birozgina shoshmay tur.
Sen o‘zingni avvalo
"Gashtak"larda sinab ko‘r.
To‘daga uraverma
Cho‘biring chopmas joyda.
Tomoshabin bo‘lib tur,
Chiranishdan yo‘q foyda.
Peshonangda bor bo‘lsa,
Choparsan kelsa galing.
Bu maydon aro uloq
Yerda qolmagan hali.
Yer - ko‘pkari mаydoni,
Ot xayolday yeladi.
Har kimsaning maydonda
Ot mingisi keladi.
Ot minganning hammasi
Chavandoz bo‘lavermas.
Gar Alloh buyurmasa,
Iqboling kulavermas.
Hasan ALMATOV.



