
Invazion teri kasalligi bo‘lgan qo‘tirni qichima kanalar qo‘zg‘atadi. Qo‘zg‘atuvchilar odamga asosan bemordan yoki uning buyumlari (masalan, sochiq,kiyim-kechak, ko‘rpa-to‘shak) orqali yuqadi. Kasallik yuqqandan 7 – 10 kundan keyin qo‘tir alomatlari ko‘zga tashlanadi. Qo‘tir kanalari asosan,terining yupqa va nozik joylarini teshib kiradi.
Qo‘l va oyoq barmoqlari orasidagi burmalar, qorin, bel va ko‘krak qafasining ikki yon tomon terisi kasallanadi; shu soha terisida mayda qizg‘ish tugunchalar paydo bo‘lib, usti qoramtir – qizil po‘st bilan qoplanadi yoki uchida pufakcha ko‘rinib turadi; tugunchalar orasida teridan salgina bo‘rtib chiqqan, bir necha mm uzunlikdagi to‘g‘ri yoki egri chiziqcha – kana yo‘li hosil bo‘ladi. Bemor qattiq qichinadi, bu holat, ayniqsa, kechasi kuchayadi (Qo‘tir kanasi kechasi faollashadi). Qichiganda tirnalgan joylarga infeksiya tushishi natijasida qo‘tirda, ko‘pincha, terining yiringli kasalliklari rivojlanishi mumkin. Terining yupqa va nozik qismida qichishish alomatlari paydo bo‘lishi bilan darhol shifokorga murojaat etish lozim. Qo‘tirni davolash uchun shifokor tavsiya etgan dori surtiladi, shu vaqt ichida cho‘milish mumkin emas. Yettinchi kuni cho‘milib, kiyimlar almashtiriladi. Bemor boshqalardan alohida yotishi va o‘ziga alohida sochiq tutishi lozim. U ishlatgan choyshab, ko‘rpa, yostiq jildi , ich kiyimlarini yaxshilab qaynatish yoki lizol eritmasiga 1soat botirib qo‘yish kerak. Ustki kiyim-kechaklarini maxsus dezokamerada dezinfeksiya qilish, agar buning iloji bo‘lmasa, 5 kungacha oftobda yoyish, sovuq kunlarda esa kun bo‘yi yoyib qo‘yish, issiq dazmol bilan dazmollash lozim. Bemor yotgan xona jihozlarini nam latta bilan artib turish kerak.
Qo‘tirga o‘z vaqtida davo qilinsa bemor tezda sog‘ayib ketadi. Qo‘tirning oldini olishda shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilish juda muhim.
Ra’no MAHMUDOVA,
Kattaqo‘rg‘on tumani SEO va JSbo‘limi vrach epidemiologi.
Kattaqo‘rg‘on tumani SEO va JSbo‘limi vrach epidemiologi.



