
Ma’lumki, 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarning bog‘chaga qamrovini oshirish maqsadida mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tashkilotlarining turli shakllari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, xonadon egasining bandlik masalasi, ham mahallalardagi yosh onalarning ijtimoiy ahvoli, ham tadbirkorlikning bu turi bilan shug‘ullanuvchining soliq imtiyozlari kabi har tomonlama qulayliklar tufayli xonadonlarda oilaviy uy-bog‘chalar tashkil etildi.
Kattaqo‘rg‘on tumanining “Yovi” mahallasida tadbirkor Gulsanam Eshniyozova tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 30-iyuldagi 595-sonli qarori asosida tashkil etilgan 25 o‘ringa mo‘ljallangan oilaviy bog‘cha faoliyat ko‘rsatadi. Ayni paytda bu yerda uch nafar malakali tarbiyachilar 25 nafar bolajonning tarbiyasi bilan mashg‘ul.
Bog‘cha xonalari o‘ziga xos tarzda bezatilgan. Shuningdek, bog‘chada bolalarni kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini uyg‘otuvchi turli o‘yinchoqlar, didaktik adabiyotlar, ertak kitoblari, ko‘rgazmali materiallar mavjud.
Bolajonlarning ko‘ngilli dam olishlarini tashkil qilish maqsadida bu yerda ko‘plab ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etib boriladi. Bog‘chada tarbiyalanayotgan bolajonlar bu tadbirlarda o‘z salohiyatlarini namoyish etish bilan bir qatorda estetik zavq olishadi. Mazza qilib raqsga tushib, she’r, qo‘shiqlar aytishadi.
G‘ofur QARSHIYЕV.



