
Yurtimizda qo‘shimcha elektr energiyasi quvvati ishlab chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha bir qancha ishlar, yirik loyihalar amalga oshirilishiga qaramay, aholining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji ortib bormoqda. Chunki, zavod-fabrikalar, transport, issiqlik ishlab chiqarish, sanoat, qurilish, uy va korxonalar soni kundan kun ortmoqda.Shuningdek, aholi soni ham yildan yilga ko‘paymoqda. Ularni yoritish va isitish,texnika jihozlarini ishlatish, shuningdek, aholini elektr energiya bilan ta’minlash esa ko‘p miqdorda elektr energiyasi ishlab chiqarishni taqozo etadi. Elektr energiyasini ishlab chiqarish juda mashaqqatli bo‘lib, bizda elektr quvvatining 85 foizi gaz, ko‘mir kabi foydali qazilmalarning yoqilishidan (qolgan 15 foizi esa suv orqali) olinadi. Bu esa ekologiyaga salbiy ta’sir ko‘rsatib,atrof-muhitning ko‘p miqdorda ifloslanishiga olib keladi. Asosiysi, u iqlim o‘zgarishini tezlashtiradi. Bu esa insonlar, hayvonot va o‘simlik olami uchun juda ham xavfli. Bundan tashqari, dunyoda ko‘mir va tabiiy gaz zahirasi ham yildan yilga kamayib ketyapti.
Xo‘sh, energiya resurslarini ishlab chiqarishning o‘zi yetarli bo‘lmasa, elektr energiyasi ishlab chiqarishda hozirda qo‘llanilayotgan deyarli barcha uslublar insoniyatga zararli bo‘lsa, unda qanday energiya turidan foydalanish lozim? Axir bugungi kunni energiyasiz tasavvur etib bo‘lmaydi-ku? - degan savol tug‘ilishi tabiiy. Buning uchun birinchidan, elektr energiyasi iste’molini qisqartirish,uni tejash (energiya tejovchi sensorli lampalar o‘rnatsangiz elektr sarfini 15 foizgacha tejaysiz), ikkinchidan, muqobil energiya manbalaridan kengroq foydalanishga o‘tish lozim.
Jahonning ko‘plab taniqli ekolog va energetiklari eng xavfsiz energiya turi sifatida muqobil energiyadan foydalanishni taklif etishmoqda.Ha, “Yashil energiya”ga o‘tish – bu davr talabidir. Chunki,“Yashil energiya”asosan quyosh, shamol va suv energiyasidan iborat.Bizning mamlakatimizning to‘rt faslida ham osmoni oftobli bo‘lishi bilan quyosh nuri energiyasini elektr energiyasiga aylantirish imkoniyati Yevropa davlatlariga qaraganda, kengroq. Xususan, mutaxassislarning ma’lumotlariga qaraganda oftobli kunlar O‘zbekistonda yiliga o‘rtacha 320 kunni va faol quyosh nurlari tushishi davomiyligi 3 000 soatni tashkil etar ekan.
O‘zbekiston ham 2030-yilgacha “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasini qabul qildi. 2023-yil 1-sentabrdan boshlab byudjet tashkilotlariga quyosh paneli va issiq suv kollektorini o‘rnatish majburiyati yuklatildi hamda 2026-yilga qadar ularning binolari energiya iste’molining 60 foizi “yashil energiya”ga bosqichma-bosqich o‘tkaziladi. Shuningdek,O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-martdagi farmoyishiga ko‘ra, 2023-yilda respublika hududlarida aholi xonadonlariga kichik quvvatli quyosh panellarini o‘rnatishni rag‘batlantirish bo‘yicha “Quyoshli xonadon” dasturi amalga oshirilmoqda. Joylarda yashil energiya manbalaridan keng foydalanish tadbirkorlik sub’yektlari, aholi xonadonlariga quyosh fotoelektr stansiyalarini o‘rnatish uchun ko‘plab imtiyozlar tizimini joriy etish yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, joriy yil 16-fevralda qabul qilingan “2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga ko‘ra, quyosh panellarini o‘rnatgan fuqarolarga kreditlar ajratiladi, subsidiya beriladi, ular yer solig‘i va mol-mulk solig‘idan ozod qilinadi. Bundan tashqari, ular yuridik shaxslar tomonidan umumiy foydalanishdagi tarmoq uchun sotilgan elektr energiyasi uchun undiriladigan daromad solig‘ini to‘lashdan ham ozod qilinadi. Shuningdek, aholi o‘z xonadonida panel o‘rnatsa, ehtiyojidan ortiq elektr energiyasining har bir kilovatini 1 ming so‘mdan tarmoqqa sotadi. Quyosh bo‘lmagan va yomg‘irli kunlarda esa bu energiya tarmoqdan olinadi.
Kattaqo‘rg‘on tumanida ham korxona va tashkilotlar, shuningdek, aholi xonadonlarida qayta tiklanuvchi, muqobil energiya manbalaridan, xususan, quyosh energiyasidan samarali foydalanish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Olib borilayotgan targ‘ibot ishlari natijasida korxona, tashkilotlar va aholi xonadonlarida muqobil energiyadan foydalanishga o‘tilyapti.
Eshpo‘lat SAFAROV.



