
Investitsiya iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida o‘z mamlakatida yoki chet ellarda turli tarmoqlarga, ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarga, innovatsiya, tadbirkorlik loyihalariga uzoq, muddatli kapital kiritishdir. Xorijiy investorlarni jalb qilishning muhim omillaridan biri mamlakatimizdagi barqaror iqtisodiyot, huquqiy-investitsion muhit, siyosiy va iqtisodiy xavfsizlik, rivojlangan infratuzilma, malakali mutaxassislar va albatta, yaratilayotgan kafolatlardir. 25-dekabr 2019-yilda mamlakatimizda investisiyaga oid O‘zbekiston Respublikasining "Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida"gi Qonuni qabul qilingan.
Joriy yilning 11 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida investitsiyalar jalb qilishni yanada kengaytirish chora-tadbirlari muhokamasi bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida investitsiya jalb qilishni yanada kengaytirish masalalari muhokama etildi. Yig‘ilishda investisiya dasturlaridagi 1,5 mingta loyihani tezlashtirish va 12,1 milliard dollar xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish bo‘yicha yangi tizim joriy qilinishi ta’kidlandi. Jumladan, davlat investitsiya dasturi doirasida 11,5 milliard dollarlik 272 ta yirik loyihani muddatidan oldin foydalanishga topshirish bo‘yicha “loyihabay” ish tashkil etiladi.
Bu yil infratuzilmaga budjetdan 1,2 trillion so‘m ajratilmoqda. Bu yetarli emasligi qayd etilib, infratuzilmaga yana 100 million dollar yo‘naltirishga qaror qilindi. Hududlarda 1 ming 200 ta loyiha doirasida 4,6 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtirish zarurligi, bunda, loyihalar 3 ta toifaga ajratilib ular bilan manzilli ishlanishi ta’kidlandi. Yangi loyihalar hisobidan qo‘shimcha 3 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investisiyalar jalb qilish masalalari muhokama qilindi. Endi xorijiy kelishuvlar doirasidagi investorlar bilan ishlash bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi ta’kidlandi. Bunda Investisiya vazirligida har bir yangi investorga hamrohlik qilish uchun “investitsiya menejeri” lavozimi tashkil etiladi va bevosita vazirga bo‘ysunadi. Ular xorijiy investorlar bilan doimiy aloqada bo‘ladi va kelib tushgan masalalarni hal qilib boradi. Investitsiya, sanoat va savdo vazirligiga yil yakuniga qadar barcha tuman va shaharlarda hamda tarmoqlarda 30 milliard dollarlik yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish topshirildi.
Buning uchun barcha tuman va shaharlardagi loyiha guruhlari konsalting kompaniyalari bilan birga “izlanish – ishlab chiqish – amalga oshirish” tamoyili asosida yangi loyihalarni shakllantiradi. Bu maqsadlarga 15 million dollar yo‘naltiriladi.Ishlab chiqilgan loyihalarni xorijiy investorlarga taqdimot qilish uchun yil yakuniga qadar har bir viloyatda hududiy investitsiya forumi o‘tkaziladi. Hukumat komissiyasi hududlarda bo‘lib, iqtisodiyotga katta turtki beradigan 97 ta yirik sanoat loyihasini shakllantirdi. Bu loyihalar yer va kredit masalalarini hal qilish orqali 6,7 milliard dollarni o‘zlashtirib, 27 mingdan ortiq ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi. Shu bois, ushbu sanoat korxonalarini tezroq ishga tushirish uchun Hukumat komissiyasining vakolatlari kengaytiriladi.
Shuningdek, yig‘ilishda yil boshida reja qilingan xorijiy sarmoyalarni o‘zlashtirish vazifalarining ijrosi ham ko‘rib chiqildi. Bu boradagi ijobiy tajriba sifatida o‘tgan olti oyda Andijon shahri, Buloqboshi, Romitan, G‘allaorol, Forish, Karmana, Davlatobod, Chust, Kattaqo‘rg‘on, Sirdaryo tumanlarining har biri 50 million dollardan ko‘p to‘g‘ridan-to‘g‘ri investisiya olib kelingani qayd etildi. Natijada ushbu tumanlarda jami 50 mingta yangi ish o‘rinlari, qo‘shimcha 1 trillion so‘m tushum paydo bo‘ldi.
Darhaqiqat, Kattaqo‘rg‘on tuman hokimligi Raqamli iqtisodiyotni joriy etish bo‘yicha loyihalar menejeri hamda tuman Investitsiyalar, sanoat va savdo bo‘limi tomonidan tumanimizga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish yuzasidan bir qancha ishlar tashkil qilinmoqda. Xususan, Respublikamizning turli shaharlarida tashkil etilayotgan investitsion forumlarda xorijiy investorlar hamda tumanimiz tadbirkorlarining turli formatdagi uchrashuvlari tashkil qilinmoqda.
Tumanning Investitsion muhitini yaxshilash yuzasidan takliflar ishlab chiqilmoqda. Bulardan ko‘zlangan asosiy maqsad esa tumanimizga TTXI larni faol tarzda jalb qilishdir.
Hozirda tumanda amalga oshirilayotgan loyihalarga keladigan bo‘lsak, Kumushkent mahallasida Xitoyning “HENGYUAN SEMENT” xorijiy korxonasi tomonidan “Sement zavodi” loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 340 mln AQSH dollarini tashkil etadi. Zavod to‘liq quvvatda ishga tusharilgach yiliga 3 mln tonna yuqori sifatli sement mahsuloti ishlab chiqariladi. Shuningdek, loyihada 600 nafar ishchi o‘rni yaratiladi, shundan 80 nafari xitoylik mutaxassislar bo‘lsa, qolgan ishchilar sonini o‘zimizning aholi tashkil etadi. Bugungi kunda qurilish ishlari 90 foizga yetdi. Korxonada joriy yilning 4 choragida sement ishlab chiqarishning dastlabki bosqichi ishga tushurilishi rejalashtirilmoqda.
Keyingi yirik loyihamiz bu BAAning “MASDAR” kompaniyasi tomonidan quvvati 220 MVtlik Quyosh fotoelektr stansiyasidir. Ushbu loyiha Bo‘ston massivining Melixo‘ja va Sho‘rak mahallasiga yaqin bo‘lgan 445 gektar hududda tashkil etilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati dastlab 150 mln. AQSH dollarini tashkil qilgan bo‘lsa, hozirda bu qiymat 183 mln. AQSH dollarigacha oshirildi. Jami 500 ming dona quyosh panellari o‘rnatilishi hisobiga yiliga 500 mln Kvt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Ishlab chiqarilgan energiya Ishtixon podstansiyasi orqali Yagona elektr energetika tizimiga ulanadi.
Bugungi kunda loyiha kompaniyasi tomonidan loyiha maydonida yer tekislash, quruvchi ishchilar uchun bino-inshootlar hamda avtomobil yo‘llari qurilish ishlari yakunlanmoqda.Bundan keyin ham tumanda yil boshida reja qilingan xorijiy sarmoyalarni o‘zlashtirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshiriladi.
Farhod IMOMOV,
Kattaqo‘rg‘on tuman hokimligi Raqamli iqtisodiyotni joriy etish bo‘yicha loyihalar menejeri.
Kattaqo‘rg‘on tuman hokimligi Raqamli iqtisodiyotni joriy etish bo‘yicha loyihalar menejeri.



