
Kattaqo‘rg‘on tumani Qiyot mahallasida yashovchi tadbirkor ayol Xayriniso Boboqulovani hech kim o‘z ismi bilan chaqirmaydi. Chunki opa «Oshin ona» nomi bilan elga tanilgan.
- Meni bundan 10-15-yillar ilgari mashhur bo‘lgan serial qahramoni Oshinga o‘xshatishadi, - deydi X. Boboqulova. – Ammo hayotim unikidan ham og‘irroq kechgan. Boshimdan ko‘p azob-uqubatlarni kechirdim. Taqdir taqozosi bilan turmush o‘rtog‘im bilan ajrashdim. 6 farzand bilan yolg‘iz qoldim. Ammo o‘zimda kuch topib, hayot qiyinchiliklarini yengishga harakat qildim. Tadbirkorligimni qora qozonchada baliq pishirib sotishdan boshladim. Farzandalarim yordamida faoliyatimni kengaytirib bordim.
Tadbirkor bundan 10 yil ilgari Kattaqo‘g‘on suv ombori bo‘yida bir tashlandiq joyni obod qilib, dam olish maskani tashkil etishni ko‘ngliga tukgandi.
- Bu yerda qarovsiz yotgan joyni chiqindilardan tozalab, daraxt va tok ko‘chatlarini o‘tqazdim, -deydi u. – Bugun ular hosilga kirib, chiroyli bog‘ bo‘ldi. Tashkil etgan dam olish maskanimizga mamlakatimizning turli hududlaridan, hatto horijdan ham sayyohlar kelib turadi. Ularning maroqli dam olishlari uchun sharoit yaratilgan.
Onaxon halol mehnati evaziga uylar qurdi, to‘ylar qildi. Ahamiyatlisi, u pensiya yoshida avtomobil boshqarishni o‘rgandi. Bugun “Oshin ona”ning shaxsiy mashinasi ham bor.
O‘tkir USMONOV.



