
Mamlakatimizda ishsiz aholiga qishloq xo‘jaligi yerlarini 30 yil muddatga dehqonchilik bilan shug‘ullanish uchun ijaraga berish tartibi joriy qilindi.
Kattaqo‘rg‘on tumanida ham bu borada tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Maqsad - aholi bandligini ta’minlash, sifatli oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirishdir.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, tumanda past hosilli paxta va g‘alladan qisqartirilgan yerlardan aholiga o‘tgan 2022-yilda 766 gektar yer maydoni ajratilib berildi. Natijada 2850 ta ish o‘rni yaratildi. Joriy yilda ham 680 gektar ekin maydonlari fuqarolarga ajratib berildi. Shu kunga qadar 1446 gektardan ziyod maydon “e-auksion” dasturi orqali 4318 nafardan ortiq fuqarolar tomonidan ochiq tanlovda yutib olindi.Endilikda tanlovlarda g‘olib bo‘lgan “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” ga kiritilgan oilalar, rasmiy ishsizlar hamda alohida ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar bu yerlarda dehqon xo‘jaligi yuritish imkoniga ega bo‘ldi. E’tiborlisi, “Bir mahalla – bir mahsulot”, “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida hududlarda tuproq iqlim sharoiti, fuqarolarning dehqonchilik madaniyatidan, shuningdek, ichki iste’mol bozorlarida aholining asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqib, qishloq xo‘jalik ekinlari ekilmoqda.
Masalan, Qumoq MFYda 28 nafar fuqarolarga 4 nafar “temir daftar”da, 22 nafar “Yoshlar daftari” da turgan 2 nafari esa ish bilan band bo‘lmagan fuqarolarga 20 sotixdan jami 5.6 gektar yer maydoni ochiq elektron tanlov orqali ijaraga berildi. Mahallada fuqarolar asosan qishloq xo‘jaligi va chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Ayniqsa, bu yerda qulupnay juda ham serhosil. Shu maqsadda “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida 28 nafar fuqaroga ajratilgan 5.6 gektar maydonga qulupnay ekildi. Bu yil har bir fuqaro 20-30 million so‘mdan daromad oldi. Bu yil qulupnayning yili keldi. Yog‘ingarchilik kam bo‘ldi. Pishgan qulupnaylar chirib ketmadi, – deydi Qumoq fuqarolar yig‘ini hokim yordamchisi. O‘rtacha hisobda 1 sotix yerdan 150-200 kg mahsulot yetishtirildi. 1 kg qulupnay shu yilda 12 ming so‘mdan 18 ming so‘mgacha sotildi. Ular yetishtirgan mahsulotga xaridor ham tayyor shu yerining o‘zidan savdogarlar olib ketishadi. Demak, har bir yosh mavsum davomida 20-30 million so‘m daromad qilish imkoniyatiga ega.
“Qulupnay koni foyda, o‘tgan yili avgust oyida qulupnaylarni ekkandik. Sentyabr oyida begona o‘tlardan tozalab, oziqlantirdik. Erta bahor yana begona o‘tlardan tozalab suv qo‘ydik. Bugun qilgan mehnatlarimiz uchun yaxshigina foyda olmoqdamiz. Endi qulupnay ko‘chat qilib avgust oyida sotishni reja qilyapmiz. Bu degani bir yilda ikki marta daromad olish degani”, – deydi yoshlar daftarida turuvchi Javlonbek Karimov.Yana bir misol “Yoshlar daftari”da turuvchi Doston Boboyev ham 20 sotix yerga qulupnay ekdi. Shu yilning o‘zida 25 million so‘m daromad qilgan.Uning aytishicha, u yillar mobaynida doimiy daromad manbaiga ega emasligidan turli xil ishlarni qilishga majbur bo‘lgan. Bugun u xursand, o‘z oldiga yanada ulkan maqsadlarni qo‘ydi.
Kadan markazidan Kattaqo‘rg‘on shaharga ketishga ozroq yursangiz yo‘l yoqasidagi qulupnay dalasiga ko‘zingiz tushadi. Ilgari bu erga paxta ekildi yaxshi hosil bermadi. Keyinchalik anor daraxti ekildi dehqonlar o‘ylagandek bo‘lmadi, daraxtlar qurib qoldi. Shundan so‘ng, “Kattaqo‘rg‘on klubnika” ishlab chiqarish kooperativi tashkil etilib, 3.5 gektar maydon 5 nafar ishsiz fuqarolarga bo‘lib berildi. 3 yildan beri bu yerga Polsha davlatidan keltirilgan qulupnayning "Zenga-Zengana" navi ekiladi. Ha, dehqonlar xursand, qulupnaydan bu yil anchagina daromad olishdi.
O‘tkir Usmonov.



