
Kattaqo‘rg‘on tumanida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha amaliy seminar o‘tkazildi.
“NAZOKAT OLTIN DALASI” fermer xo‘jaligi tomonidan 141 gektar maydonda pulsar usulida sug‘orish texnologiyalari joriy etilib, 2 dona artizan qudug‘i qazilgan. Fermer bundan tashqari yana daromadni ko‘zlab, quduqdan kelgan suvni vaqtinchalik saqlash uchun 2 ta hovuzda 1200 dona sazan baliqlarini parvarishlamoqda.
Bugun ushbu fermer xo‘jaligida o‘tkazilgan seminarda Kattaqo‘rg‘on tumani hokimi Jamshid Nasriddinov, tuman prokurori Shuhrat Xolmurzayev, hamda qishloq xo‘jaligiga daxldor mutasaddilar qatnashdi.
“Kattaqo‘rg‘on tumanining murakkab suv ta’minoti tizimida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, suvdan samarali foydalanish va uning behuda sarfini oldini olish muhim ahamiyat kasb etadi”, – deb ta’kidladi tuman hokimi.
Yig‘ilishda asosiy masala tomchilab sug‘orish texnologiyasini keng joriy etish, suvdan unumli foydalanish va qanday tartibda shartnoma qilish, yangi texnologiyalarni o‘rnatish borasida yig‘ilganlarga soha mutaxassislari tomonidan tushuntirishlar berildi.
Seminar yakunida qishloq xo‘jaligida amalga oshiriladigan agrotexnik tadbirlar, sug‘orish va o‘g‘itlash masalalari ham muhokama etildi.
O‘.USMONOV.



