
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 13-aprel sanasidagi “2023-yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, 1-maydan e’tiboran bir necha yangiliklar joriy etilmoqda.
Ya’ni, Farmonga ko‘ra, amaldagi tartibga 2023-yil 1-maydan kiritilayotgan o‘zgarishlardan biri bu - banklarda rasmiy daromadga ega bo‘lmagan shaxslarga ipoteka kreditini ajratishda ularning to‘lov qobiliyatini aniqlashning muqobil usullaridan foydalanishga, shu jumladan, qarz oluvchilarning bank kartasi aylanmasi, ijara, kommunal va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa xarajatlarini inobatga oluvchi skoring tizimi joriy qilinishi bo‘ldi.
Bu norma nimani anglatadi? Bu degani, hozirgi kunda banklarga ipoteka krediti olish uchun murojaat qilsangiz, Siz qayerda ishlashingiz, qancha daromad olishingiz, olgan daromadingizni qancha qismini qayerlarga sarflashingiz, sarf xarajatlaringiz chegirib tashlangan holatiga Sizda qancha daromad qolishi kabi holatlar batafsil o‘rganib chiqiladi va o‘z navbatida bu Sizni ipoteka kredit olishingiz uchun ta’sir ko‘rsatadi.
1 maydan kiritilayotgan o‘zgarishga ko‘ra, Siz qayerdadir ishlab rasmiy daromad olayotgan shaxs bo‘lmasangiz ham ipoteka krediti olish uchun talabgor bo‘la olasiz va joriy etilishi belgilangan skoring tizimi orqali Sizni to‘lovga qobiliyatingizni muqobil usulidan foydalaniladi. Muqobil usul deganda, o‘sha rasmiy daromadga ega bo‘lmagan talabgorning bank kartasidagi aylanmasi, ijara to‘lovlari, kommunal va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa to‘lovlari ham uning daromadi sifatida inobatga olinadi. Ya’ni, aslida daromaddan chegirib tashlanishi kerak bo‘lgan xarajatlar chegirib tashlanmaydi va aksincha Sizning daromadingizni shakllantirishda hisobga olinadi. Bank kartangiz tekshiriladi va kartangizdagi kirdi-chiqdi pullar ham daromadingiz safiga qo‘shilishi belgilanadi.
Shuningdek, uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun olinadigan ipoteka kreditlari bo‘yicha berilgan subsidiya taqdim etish to‘g‘risidagi xabarnomalarning amal qilish muddati avvalgi tartibi 12 oy bekor qilinib, 4 oy etib belgilanadi.
2023-yil uchun ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar ajratishga doir arizalar tasdiqlangan parametrlar doirasida 2023-yil 1-mayidan 1-dekabrigacha qabul qilinadi.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, Samarqand viloyati bo‘yicha umumiy hisobda 2529 nafar fuqaroga ipoteka kreditlari ajratilishi belgilangan bo‘lib, Kattaqo‘rg‘on tumaniga qancha ajratilishi esa viloyat hokimligining tegishli taqsimotiga asosan belgilanadi.
Sanjar RABBIMOV,
Kattaqo‘rg‘on tuman Davlat xizmatlari
markazi bosh mutaxassisi.
Kattaqo‘rg‘on tuman Davlat xizmatlari
markazi bosh mutaxassisi.



