
Sakson yil lovullab so‘nmagan o‘tman…
…Baxtim shul, o‘zbekning Zulfiyasiman…
Bugun, 1 mart, bahorning boshlanishi. Qalblarga iliqlik yugurdi, tabiat uyg‘ondi. Bahorning ilk kuni taniqli jamoat arbobi, sadoqat va vafo kuychisi, O‘zbekiston xalq shoirasi Zulfiyaxonim tavallud topgan kun.
Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani Xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 34-umumta’lim maktabida taniqli va iqtidorli o‘zbek shoirasi Zulfiya Isroilova tavallud topgan kunga 108-yil to‘lishi munosabati bilan madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Maktabning Ijodiy madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi Anvar Bekmurodov hamda ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchilari rahbarligida tayyorlangan tadbirda yuqori sinf o‘quvchilari faol ishtirok etishdi. Tadbir tomoshabinlariga Zulfiyaxonimning o‘zbek adabiyotida tutgan o‘rni, insoniy fazilatlari, kechinmalari va ijodi haqida ko‘plab ma’lumotlar berildi. Shuningdek, shoira ijodidan she’rlar o‘qilib, sahna ko‘rinishlari ijro etildi.

Tadbirda Kattaqo‘rg‘on tumanida yashab ijod qilib kelayotgan ijod namoyondalaridan adabiyotshunos Muhammadi Qodirov, shoirlar Muhammad Murod Sulton, Nodira Nurmatova hamda “Kattaqo‘rg‘on: kecha va bugun” gazetasi muxbirlari Eshpo‘lat Safarov va Gʻofur Qarshiyevlar ham ishtirok etdilar. Mehmonlar tadbir tashkilotchilari va ishtirokchilariga o‘z minnatdorchiliklarini aytishib, ijodlaridan she’rlar o‘qib berishdi. O‘quvchilar tomonidan berilgan savollarga atroflicha javob berishib, yosh qalamkashlarga tegishli tavsiyalar berishdi.
Zulfiyaxonim hayoti va ijodiga bag‘ishlab ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tgan mazkur tadbir uning ishtirokchilari va tomoshabinlari qalbiga bahoriy kayfiyat ulashgani bilan yodda qoladigan bo‘ldi.
“KATTAQO‘RGʻON: KECHA VA BUGUN”.



