
Bu yilgi ustma-ust yoqqan yomg‘ir-qor va ayniqsa, havo haroratining keskin pasayib ketishi natijasida elektr energiyasi va issiqlik tizimidagi uzilishlar ko‘pchiligimizni besaramjom qilgani bor gap. Shuning uchun ham O‘zbekiston sharoitida elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolarni hal etishda quyosh panellari eng maqbul yechimlardan biri sifatida qayd etiladi. Shuni aytish kerakki, quyosh energiyasidan issiqlik ishlab chiqarishda ham, elektr energiya ishlab chiqarishda ham foydalanish mumkin.
Xo‘sh, quyosh panellarining o‘zi nima?
Quyosh batareyalari — quyosh energiyasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektr tokiga aylantiradigan fotovoltaik konvertor, ya’ni yarim o‘tkazgichli qurilma bo‘lib, ular maxsus ramkalarga joylanib, quyosh panellarini hosil qiladi. Aniqrog‘i, quyoshdan olingan yorug‘likni elektr tokiga aylantirib, foydalanishga tayyor holga keltirilgan ramkalardir.
Quyosh panellari bir sutkada 1 soatdan 24 soatgacha ham iste’molchini elektr energiyasi bilan ta’minlay oladi. Akkumulyatorli elektrostantsiyalar O‘zbekistondagi bugungi kun elektr narxi bilan hisoblaganda, 5 yilda o‘zini oqlaydi, ya’ni sarflangan mablag‘ 5 yil ichida chiqadi. Quyosh panellari o‘rtacha 25 yil muddat ishlaydigan bo‘lsa, 20 yil bepul yorug‘lik energiyasi bilan ta’minlaydi. Qayd etilishicha, bundan buyog‘iga aholiga quyosh energiyasidan foydalanish uchun jozibador tizim yaratiladi. Endilikda xonadonlarda ishlab chiqarilgan va tarmoqqa uzatilgan har bir kilovatt soat energiya uchun ming so‘mdan hisob-kitob qilinadi (hozir 295 so‘m). Ya’ni, uyga quyosh paneli o‘rnatilsa, ehtiyojdan ortib qolgan elektrni ming so‘mdan davlatga sotish mumkin bo‘ladi. Bu degani, hozir davlat aholiga elektr energiyasini 295 so‘mdan sotadi, lekin aholining o‘zidan ming so‘mdan sotib oladi.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, eng arzon quyosh panellari 150 Vt quvvatga ega, bu esa ulardan foydalanib, uyning 5-6 ta xonasini yoritish va bitta televizorni ishlatish imkonini beradi. Agar uydagi xonalarni yoritish, ikkita televizor, bitta muzlatgichni elektr energiyasi bilan ta’minlash zarur bo‘lsa, unda kamida 2 kVt quvvatga ega quyosh panellari kerak bo‘ladi. Agar oila kondisioner ham ishlatsa, 3 kVt quvvatli panellar zarur bo‘ladi.
O‘zbekistonda bir nechta banklar tomonidan quyosh panellari va boshqa qayta tiklanuvchi energiya manbalari uchun past foizli “yashil” iste’mol kreditlari ham taklif qilimoqda. «Yashil» iste’mol krediti aholiga quyosh fotoelektrik stansiyalari, quyosh suv isitkichlari, maishiy energiya samarador gaz-gorelkali qurilmalar va qozonlarni sotib olish maqsadida ajratiladi.
Quyosh batareyalarining narxlari qanday?
Bugungi kunda 2 kVt blok narxi 18 — 30 mln. so‘mga baholanmoqda, o‘rnatish xarajatlarini hisobga olsak, 3 kVt quvvatga ega agregatni o‘rnatish 20 — 45 mln. so‘mga to‘g‘ri keladi. Narxlardagi farq mahalliy mahsulotlarning markasiga bog‘liq.
Xulosa qilib aytganda, 300 kundan ortiq quyoshli ob-havosiga ega O‘zbekistonda quyosh panellaridan foydalanish elektr energiyasi muammosini bartaraf etishning eng arzon va maqbul varianti hisoblanadi.
Aziz kattaqo‘rg‘onliklar! Sizlarda ham quyosh panellarini o‘z yashash uyingiz yoki ishxonangiz tomiga o‘rnatib, arzon va ekologik toza “Yashil” energiyadan foydalanish imkoniyati mavjud. Buning uchun quyosh panellarini o‘rnatib berish bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislarga telefon qilsangiz bo‘ldi. Ular sizning talabingiz bo‘yicha quyosh panellarini uyingizga olib kelib o‘rnatib berishadi. Kafolat muddatida esa bepul texnik xizmat ko‘rsatishadi.
Hurmatli yurtdoshlar! Siz ham quyosh panellarini o‘z uyingiz yoki ishxonangizga o‘rnating va elektr energiyasi bilan bog‘liq barcha muammolardan qutuling!
G‘ofur QARSHIYEV.
(Ijtimoiy tarmoq ma’luotlaridan foydalanildi).
(Ijtimoiy tarmoq ma’luotlaridan foydalanildi).



