
Hammamizga ma’lum, hurmatli Prezidentimiz tomonidan tadbirkorlik sub’yektlari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotdan so‘ng, aholini tadbirkorlikka jalb qilishni yanada jadallashtirish, tadbirkorlik tashabbusini amalga oshirish uchun qulay huquqiy, iqtisodiy va ijtimoiy shart-sharoitlarni ta’minlash, respublikamiz tadbirkorlik sub’yektlarining xalqaro ishbilarmonlik hamjamiyatiga integratsiyalashuvini kengaytirish borasida keng qamrovli sharoitlarni yaratib berish bilan ularni rivojlantirish borasida barcha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Xususan, keyingi yillarda tadbirkorlik sub’yektlarini har qanday sharoitda, hatto pandemiya vaqtida ham qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator Farmon va qarorlarining qabul qilinishi fikrimizning dalilidir.
2023-yil 23-yanvar kuni qabul qilingan “Savdo-sanoat palatasi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori ham aholini tadbirkorlikka jalb qilishni yanada jadallashtirish, tadbirkorlik tashabbusini amalga oshirish uchun qulay huquqiy, iqtisodiy va ijtimoiy shart-sharoitlarni ta’minlashga qaratilgan.
Ya’ni qarorga ko‘ra, 2023-yil 1-fevraldan boshlab mikro, kichik va o‘rta tadbirkorlik sub’yektlari, ya’ni yillik aylanmasi 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan mikro biznes, 10 milliard so‘mgacha bo‘lgan kichik biznes va 100 milliard so‘mgacha bo‘lgan o‘rta biznes sub’yektlari palata a’zoligiga, a’zolik va kirish badallaridan ozod qilingan holda, tekin qabul qilinadi hamda qonunda nazarda tutilgan ushbu tadbirkorlik sub’yektlariga Savdo-sanoat palatasiga a’zolik bilan bog‘liq Palata xizmatlaridan to‘laqonli foydalanish huquqiga egaligi belgilangan. Bu turdagi tadbirkorlik sub’yektlariga 2023-yil 1-yanvardan boshlab mikro biznes uchun aylanmadan olinadigan soliqlarning amaldagi 4 foizdan 25 foizgacha bo‘lgan stavkalari o‘rniga yagona 4 foizli soliq stavkasi joriy etilganligi hammamizga ma’lum. Bunda, olis hududlardagi va alohida toifadagi tadbirkor uchun amaldagi 1 va 2 foizli stavkalar saqlanib qolinadi. Shuningdek, ular ixtiyoriy ravishda yiliga 20-30 million so‘m to‘lasa, buxgalteriya hisobini yuritish va soliq idoralariga taqdim etish majburiyatidan ozod etilgan. Bundan tashqari, ikkinchi toifaga kiruvchi, ya’ni aylanmasi 1 milliard so‘mdan oshib, umumiy soliq to‘lash tartibiga o‘tgan korxonalar bir yil davomida foyda solig‘ini 2 barobar kam to‘lashligi belgilangan. Bundan asosiy maqsad tez o‘sib borayotgan yuqori salohiyatli o‘rta korxonalar sonini kundan-kunga oshirishga qaratilib, ishsizlik va kambag‘allikka barham berish bilan tadbirkorlik sub’yektlarini faoliyat ko‘rsatish muddatini uzaytirishga qaratilgan.
Eng asosiy yangiliklardan yana biri, 2023 yil 1-yanvardan boshlab kichikdan o‘rta biznesga o‘tgan korxonalar ikki yil davomida foyda solig‘ining 50 foizini to‘lashligi, mulkni sug‘urta qilish xarajatlarining 50 foizi davlat hisobidan qoplab berilishi, davlat xaridlaridan 20 foiz kvota o‘rnatilib, ushbu xaridlar doirasida ularga oldindan 50 foiz mablag‘ berilishi belgilangan bo‘lib, qo‘shimcha qiymat solig‘i stavkasi 12 foizga tushirildi.
Bayon etilganlardan tashqari, tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan ko‘p ish o‘rinlari yaratgan, biznesning yangi yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘ygan, o‘z sohasida innovatsiya va islohotlar qilgan va el-yurt orasida obro‘ topgan biznes vakillarni munosib e’tirof etish uchun “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tadbirkor” faxriy unvoni ta’sis etildi.
Ushbu qaror bilan Savdo-sanoat palatasiga quyidagi vakolatlar berildi:
- Hukumatga ishbilarmonlik va investisiya muhitini yaxshilash, biznesning rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan yoki uni cheklayotgan normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ularni bekor qilish to‘g‘risidagi ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan masalalarni kiritish; -Palata a’zolarining manfaatlarini ko‘zlab Oliy sudga ariza berish hamda iqtisodiy, ma’muriy, fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha sud qarorlarini qayta ko‘rib chiqish yuzasidan shikoyat kiritish; -tadbirkorlik muhitini yaxshilash bo‘yicha takliflarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Bosh vazirga kiritib borish; - O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar va idoralarda, shuningdek, xalqaro tashkilotlarda tadbirkorlik sub’yektlari manfaatlarini ifodalash; - biznes muhitini yaxshilash bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida, tadbirkorlik masalalari borasida jamoatchilik eshituvlarini tashkil qilib borish; -tadbirkorlikni rivojlantirish, respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini oshirishda o‘zining munosib hissasini qo‘shayotgan biznes vakillari va boshqa shaxslarni mukofotlarga tavsiya qilish; -mahalliy davlat hokimiyati va boshqa hududiy davlat organlariga hududda tadbirkorlikni rivojlantirish, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish; - xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) Kengashlari va hokimlar bilan hududdagi ishbilarmonlik muhitining holati, tadbirkorlik sohasida qabul qilingan qonunchilik hujjatlarining ijrosi natijadorligi bo‘yicha tanqidiy muhokamalar o‘tkazib borish.
Savdo-sanoat palatasiga to‘langan a’zolik badallari, jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya mablag‘lari hamda mahalliy budjetlar mablag‘lari hisobidan barcha hududlarda, viloyatda, shu jumladan, Kattaqo‘rg‘on tumanida ham «Tadbirkorlar xiyobonlari» barpo etilishi belgilangan. Unda tadbirkorlar, bank vakillari, investorlarning biznes loyihalarini muhokama qilish hamda «B2B» tadbirlari va «kovorking» faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratiladi, Wi-Fi zonalar tashkil qilinadi va faol tadbirkorlarning erishgan natijalarini namoyish etish maqsadida yil davomida ko‘rgazmalar o‘tkazib boriladi.
O‘ylaymanki, mazkur qaror barcha yo‘nalishdagi tadbirkorlik sub’yektlarining ish faoliyatlarida dasturu amal bo‘lib xizmat qiladi.
E.RO‘ZIYЕV,
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Samarqand viloyat hududiy
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Samarqand viloyat hududiy
boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari.



