
Bronxial astma allergik kasallik bo‘lganligi sababli, asosan, bahor va kuzda xuruj qiladi. Uning ikki turi farqlanadi: allergik va infeksion-allergik. Allergik turi chang yoki biror bir hid ta’sirida, infeksion-allergik turi esa shamollash natijasida yuzaga keladi.
Bronxial astma nafas yo‘llarining surunkali kasalligi bo‘lib, uning asosida doimiy yallig‘lanish belgilari yotadi. Yallig‘lanish jarayonida bronxlar sezuvchanligi ortib, natijada bronx-o‘pka tizimida o‘zgarishlar yuzaga keladi. Bu o‘zgarishlar bemorlarda takror-takror nafas qisishi, hansirab qolish, ko‘krak qafasida xirillash va og‘irlik paydo bo‘lishiga hamda kechalari yo‘tal xuruji tutishiga olib keladi. Astma so‘zi “bo‘g‘ilish”, “hansirash” ma’nolarini bildirishi bejizga emas. Chunki bronxial astmaga duchor bo‘lganlar bronxlar shilliq qavatining shishishi, shilliq ishlab chiqarishning kuchayishi va bronxospazm tufayli tez-tez nafas qisishidan shikoyat qiladilar.
Bronxial astma xurujlarining oldini olish uchun bemor uzoq muddat qunt bilan bosqichma-bosqich davolanadi. Bunda yallig‘lanishga qarshi preparatlar va ingalyatorlar keng qo‘llaniladi.
Shuni bilish muhimki, bronxial astmani davolash kechiktirilganda, u zo‘rayib bir qancha og‘ir asoratlar qoldirishi mumkin. Xalq tabobatida bronxial astma kasalligini davolashda piyozli ingalyasiya, behili damlama yoki dimlangan behi, anjirli damlama, kunjut moyi ham tavsiya etiladi.
Bunday dardga yo‘liqqanda havo almashtirish, tog‘li hududlarda hordiq chiqarish, shu hududlarda joylashgan sanatoriylarda davolanish maqsadga muvofiq.
Kasallik alomatlari paydo bo‘lganida va davolash kursini olayotganda, albatta, shifokor bilan maslahatlashish shart.
Saida HAMROYЕVA,
tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi terapevti.
tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi terapevti.



