
Davlatimiz rahbarining 20-dekabr kuni Oliy Majlis hamda xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida iqtisodiyotga mahalliy va xorijiy xususiy investitsiyalarni ko‘paytirish uchun zarur sharoitlarni yaratish yuzasidan aniq yo‘nalishlar belgilab berildi hamda 2023-yilda sohaga qariyb 30 milliard dollar sarmoya jalb qilinishi hamda eksport hajmi tariximizda ilk bor 23 milliard dollardan ortishi aytib o‘tildi. Bu, albatta, mamlakatimiz iqtisodiyotini barqarorlashtirishda, aholi farovonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Samarqand viloyatida 2022-2026-yillarda Investitsiya dasturiga asosan qiymati 1 milliard 451 million dollarga teng bo‘lgan 51 ta loyihani amalga oshirish natijasida 10 mingga yaqin ish o‘rinlari yaratiladi. Inchunun, joriy yilning o‘tgan davrida 72 ta loyihalarda 218 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi.
Aytish kerakki, viloyatda joriy yilning 11 oyi mobaynida umumiy qiymati 294,1 million dollarlik 7 ta loyiha ishga tushirilib, 1 ming 820 kishi bandligi ta’minlandi. Yil yakuniga qadar qiymati 57,5 million dollarga teng yana 4 ta loyiha hayotga tatbiq qilinmoqda.
Kattaqo‘rg‘on tumanida barpo etilayotgan «SEC Samarqand sement» mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo‘shma korxona istiqbolli investitsion loyihalarning eng yirigi sanaladi. Loyiha qiymati 340 million AQSh dollari bo‘lgan ushbu korxonada yiliga qariyb 3 million tonna sifatli va eksportbop sement ishlab chiqarish mo‘ljallangan.
— Mazkur korxona Xitoyning 3 ta yirik kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil qilinmoqda va hozirgacha loyiha doirasidagi ishlarning yarmidan ko‘pi amalga oshirildi, — deydi xitoylik investor Zuo Dayong. — Korxona quruq sement ishlab chiqaruvchi eng zamonaviy va yirik zavodlardan biri bo‘ladi. Uning afzalligi shundaki, ishlab chiqarish sexlariga tejamkor va samarador uskunalar o‘rnatilmoqda. Bu esa korxona iqtisodiyotiga ham, mahsulot sifatiga ham o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi.
— Korxona yuz foiz xorij investetsiyasi hisobidan barpo etilmoqda, — deydi qo‘shma korxonaning tijorat bo‘yicha direktori Amir Sultonov. — Xomashyoga boy karyerlarning uchalasi ham Nurobodda joylashgan. Kelgusida 400-500 va 600 markali sement ishlab chiqariladi. Shuningdek, kuniga 7,5 tonna krenkir ishlab chiqaramiz. Aytganday, zavodning ishga tushishi bilan 600 ga yaqin kishi doimiy daromad manbaiga ega bo‘ladi.
Abdulaziz YO‘LDOSHEV,
«Xalq so‘zi».



