
Aziz yurtimizga fasllar kelinchagi – bahor kirib keldi. Ona zamin uyg‘onmoqda, xalqimiz intizor bo‘lib kutilgan Navro‘z bayrami – yasharish va yashnash faslini zo‘r ko‘tarinki kayfiyatda qarshi oldi. Yurtimizning barcha go‘shalarida bo‘lgani kabi bu bayram tumanimizda ham juda xursandchilik va uyushqoqlik bilan o‘tkazildi.
Barcha mahalla, o‘quv va tarbiya maskanlari, har bir oilada bayram tantanalari tashkil etilib, bahoriy taomlar hisoblanmish sumalak, halisa, ko‘k somsa, chuchvaralar tayyorlandi. Chunki eng qadimiy bayramlardan biri bo‘lgan Navro‘z ming yillar davomida, bahoriy tengkunlik kuni sifatida nishonlanadi.
Ha, fasli navbahor keldi. Butun borliq, tabiat uyg‘ondi, yashil libosga burkandi. Ona tabiatni e’zozlagan, uning sir-asrorlarini mukammal o‘rgangan, u bilan muvofiq yashashni o‘zlariga baxt deb bilgan o‘tmish ajdodlarimiz buyuk, muqaddas bu bayramni yaratganlar va asrlar osha e’zozlab, har qanday yovuz dushmanlardan himoyalab, asrab-avaylab kelganlar. Ayni shu pallada xuddiki tabiat olami bilan uyg‘un va mushtarak bo‘lib, bu osuda hayotni har bir kunining qadriga yetib, shukronalik hissiyoti bilan yashash kerakligini yana bir bor anglaymiz. Bunday ajoyib lahzalarda millati, tili, dinidan qat’iy nazar, yurtimizda yashayotgan har qaysi inson, har qaysi oila shod-u xurramlik bilan bahor sog‘inchi va orzu-niyatlarini, yorug‘ chehrasini namoyon etishga intiladi.
Har qanday g‘araz, ginalar va nizolardan voz kechib, tinch va osoyishta hayotning qadriga yetish, ahillik va birdamlik, elatlar orasida o‘zaro hurmat va hamjihatlik naqadar bebaho boylik ekanini ulug‘lashi, o‘zining da’vatlari bilan Navro‘z bayrami xalqimizning qarashlariga g‘oyat hamohangdir. Ayni ana shunday chuqur mazmun va ma’noga ega bo‘lgani tufayli, xosiyat va fayz, qut-baraka va muruvvat kabi xususiyatlarni o‘zida mujassam etishi bilan kun va tun teng keladigan sharqona Yangi yilimizni – bu go‘zal bahor ayyomini barchamiz orziqib kutamiz, e’zozlaymiz, xursandchilik bilan umummilliy bayram sifatida o‘tkazamiz. Mana shunday betakror faslda xalqimizga mansub bo‘lgan, ularning odatiga aylanib ketgan qadriyatlar – bir-biriga mehr-oqibat ko‘rsatish, bemorlar, ko‘ngli yarim insonlarga beminnat yordam berish, tabarruk keksalarimizning duosini olish kabi ezgu fazilatlarni yaqqol namoyon etib, o‘z quvonchi va shodligini yaqinlari, do‘st-u yorlari, qo‘ni-qo‘shnilari bilan baham ko‘rishga intiladi.
Shu bilan bir qatorda, Navro‘z insonlarni hayotga yangicha qarash, yangi-yangi zafarlar, ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlariga bel bog‘lab kirishishga chorlashi bilan ham ahamiyatlidir. Dalalar-u bog‘larda ishlar qizigan, dehqonlar kuzda ishlov berib tayyor holga keltirilgan dalalarga sara urug‘ ekish bilan ovora bo‘lsa, bog‘larda bog‘bonlar meva ko‘chatlariga shakl berish va yangi ko‘chatlarni maydonlarga o‘tqazib, yangi bog‘lar yaratish bilan mashg‘ul.
Mahalla va qishloqlarimizda Navro‘z bayrami arafasida obodonlashtirish ishlari, umumxalq hasharlari tashkil qilinib, ko‘cha va xiyobonlarimiz, hovli joylarimiz, masjid-u qabristonlarimiz pokizaligi va obodonligi yo‘lida keng ko‘lamda ishlar olib borildi. Xalqimizda an'anaga aylanib ketgan bunday xayrli ishlar bayramdan keyin ham davom etmoqda.
Toshmamat
OTAMURODOV,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Kattaqo‘rg‘on tuman bo‘linmasi rahbari.
OTAMURODOV,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Kattaqo‘rg‘on tuman bo‘linmasi rahbari.



